Markaziy bank joriy yilning 22-aprelidan kuchga kiradigan banklar va to‘lov tashkilotlarining mobil ilovalariga kirishdagi yangi talablar bo‘yicha tushuntirish berdi.

Yanvar oyida qabul qilingan nizom bilan endilikda foydalanuvchi akkauntiga faqat o‘ziga yoki yaqin qarindoshlariga tegishli karta va hisoblarni biriktirishi mumkin. Ro‘yxatdan o‘tishda esa telefon raqami JSHSHIR bilan mosligi tekshiriladi. Agar mos kelmasa, ilovaga kirish cheklanadi.

Ushbu o‘zgarishlar ijtimoiy tarmoqlarda noto‘g‘ri talqin qilinmoqda. Regulyatorning aniqlik kiritishicha, bu talablar mobil ilovalarning yangi foydalanuvchilariga nisbatan tatbiq etiladi.

Unga ko‘ra, bank va to‘lov tashkilotlarining ilovalariga kirishda mijozlarning telefon raqami, JSHSHIR va bank karta ma’lumotlari bir-biriga mos kelishi kerak. Agar barcha ma’lumotlar mos kelsa, ilovadan hech qanday muammosiz, odatdagidek foydalanish mumkin.

Shu bilan birga, agar telefon raqam mijozning yaqin qarindoshlari — ota-onasi, opa-singlisi, turmush o‘rtog‘i yoki farzandi nomida bo‘lsa ilovadan foydalanishda davom etishga ruxsat beriladi. “Ya'ni, yaqinlar o‘rtasida bu tartib hech qanday muammo tug‘dirmaydi”, — deyiladi xabarda.

Muammo esa faqat telefon raqam yoki bank kartasi foydalanuvchiga umuman aloqasi bo‘lmagan begona shaxs nomida bo‘lsagina yuzaga kelishi mumkin. Masalan, begona odam nomiga rasmiylashtirilgan telefon raqam yoki boshqa odamning bank kartasi.

Markaziy bank ushbu tartib asosan 22-apreldan keyin yangi ro‘yxatdan o‘tadigan foydalanuvchilar uchun amal qiladi. Allaqachon ilovadan foydalanayotganlar uchun esa barchasi o‘zgarishsiz qoladi.

Avvalroq Spot Senat to‘lov tizimlarida antifrod tizimini joriy etishga qaratilgan qonunni ma’qullagani haqida yozgan edi.