Gretsiya 2027-yil 1-yanvardan 15 yoshga to‘lmagan foydalanuvchilar uchun ijtimoiy tarmoqlarni taqiqlaydi, deb yozadi Reuters.

Taqiq joriy etilishini mamlakat bosh vaziri Kiriakos Mitsotakis e’lon qildi va uning qo‘shimcha qilishicha, Gretsiya bunday tashabbusni qo‘llab-quvvatlagan birinchi davlatlardan biri bo‘ladi.

Bundan tashqari, Gretsiya hukumati Yevropa Komissiyasiga murojaat qilib, Yevropa Ittifoqida o‘smirlar uchun ijtimoiy tarmoqlarni cheklash masalasida muvofiqlashtirilgan harakatlarni amalga oshirishga chaqirdi, chunki “milliy choralar internetga qaramlikka qarshi kurashish uchun yetarli emas”.

Maktubda Gretsiya rasmiylari butun Yevropa Ittifoqi uchun yagona bo‘lgan “raqamli balog‘at” yoshini — 15 yosh qilib belgilashni, shuningdek, texnologiya kompaniyalari uchun umumiy nazorat va jarimalar tizimini yaratishni taklif qilgan.

Fevral oyida Reuters 15 yoshdan kichik bolalarning ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishini taqiqlashga tayyor bo‘lgan yana bir mamlakat Gretsiya bo‘lishi mumkinligi haqida yozgandi.

“Gretsiya 15 yoshdan kichik bolalar uchun ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishni taqiqlashga „juda yaqin“ turibdi,” deya ta’kidlanadi agentlik xabarida.

2026-yil yanvar oyida Buyuk Britaniya hukumati 16 yoshgacha bo‘lgan o‘smirlar uchun ijtimoiy tarmoqlarni taqiqlashni nazarda tutuvchi “Bolalar farovonligi to‘g‘risida"gi qonun loyihasiga o‘zgartirishlarni ko‘rib chiqishni boshlagani haqida xabar berilgandi.

Qayd etilishicha, hukumat tomonidan bolalarni internetdan himoya qilish maqsadida yangi cheklov chorasi ko‘rib chiqilmoqda.

Mart oyi boshida Indoneziya 16 yoshgacha bo‘lgan o‘smirlar uchun “yuqori xavfli” ijtimoiy tarmoqlarni taqiqladi.

Mamlakatning Aloqa va raqamli texnologiyalar vazirligi 2026-yil 28-martdan boshlab 16 yoshga to‘lmagan foydalanuvchilarning akkauntlari o‘chirib qo‘yilishini ma’lum qildi.

Bu ishni “yuqori xavfli” platformalar: YouTube, TikTok, Facebook, Instagram, Threads, X, Bigo Live video striming xizmati va Roblox o‘yini amalga oshirishi kerak.

Taqiq barcha platformalar o‘z majburiyatlarini bajarguniga qadar bosqichma-bosqich joriy etiladi, deya qo‘shimcha qildi vazirlik.

13 yoshgacha bo‘lgan bolalar faqat “o‘z yoshiga moslab ishlab chiqilgan” ijtimoiy tarmoqlardan foydalana oladi (nashr ularning qaysiligiga aniqlik kiritmagan).

13 dan 16 yoshgacha bo‘lgan o‘smirlar esa “past xavfli” servislardan faqat ota-onasi roziligi bilangina foydalanishi mumkin.

O‘tgan yili Avstraliya dunyoda birinchi bo‘lib 16 yoshgacha bo‘lgan bolalarning ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishini taqiqladi.

Yevropa parlamenti esa ijtimoiy tarmoqlardan foydalanish uchun yosh cheklovlarini joriy etishni talab qilmoqda. Daniya 15 yoshga to‘lmagan shaxslar uchun ijtimoiy tarmoqlarni taqiqlamoqchi.

Shuningdek, TikTok yaqin haftalar ichida butun Yevropa bo‘ylab yoshni aniqlashning yangi texnologiyasini joriy etishni boshlashi haqida xabar berilgandi.

Tekshiruv 13 yoshdan kichik bolalarga tegishli hisoblarni aniqroq aniqlash va o‘chirishni talab qilayotgan nazorat organlarining ta’siri bilan bog‘liq.

U profil ma’lumotlari, joylashtirilgan videolar va foydalanuvchi xatti-harakatlarini tahlil qilib, hisobning voyaga yetmagan shaxsga tegishli ekanligini bashorat qiladi.