Hukumat qarori bilan zargarlik bilan shug‘ullanuvchi tadbirkorlarga QQSning bir qismini qaytarish tartibi bo‘yicha vaqtinchalik nizom tasdiqlandi.

Qayd etilishicha, ushbu vaqtinchalik nizom 2028-yilga qadar amal qiladi.

Zargarlik buyumlarini ishlab chiqarish va (yoki) ularni chakana sotish faoliyati bilan shug‘ullanuvchi tadbirkorlarga 2026-yil 1-yanvardan soliqning 80%i davlat budjetidan qaytariladi.

Tadbirkor soliq hisobotini taqdim etgandan so‘ng, lekin 3 oydan kechiktirmasdan to‘langan soliqning bir qismini qaytarish uchun murojaat qilishga haqli.

To‘langan soliqning bir qismini qaytarish uchun murojaat avtomatlashtirilgan dastur orqali ko‘rib chiqiladi.

Soliqning bir qismi quyidagi shartlar to‘liq bajarilganda avtomatik ravishda qaytariladi:

  • hisobot davrida taqdim etilgan soliq hisobotiga muvofiq hisoblangan soliq ushbu hisobot davrining 1-sanasidan 20-sanasiga qadar budjetga to‘liq to‘langanda;
  • hisobot davrida soliq davrida zargarlik buyumlarini o‘zida ishlab chiqarilgan va (yoki) sotishdan (realizatsiya) qilishdan umumiy tushum tovarlarni (xizmatlarni) realizatsiya qilishdan olgan daromadning kamida 80%ini tashkil qilganda;
  • hisobvaraq-fakturalarda yoki nazorat-kassa texnikasi cheklarida realizatsiya qilingan tovarlar (xizmatlar) nomenklaturasi hamda faoliyatning o‘ziga xos xususiyatlariga yoki amalga oshiriladigan turlariga muvofiq bo‘lgan identifikatsiya kodlari aks ettirilgan qismiga nisbatan.

Zargarlik buyumlarini ishlab chiqaruvchilar soliq bazasini zargarlik buyumlari va yarim tayyor mahsulotlarni realizatsiya qilish narxi hamda ular tarkibidagi qimmatbaho metallar va qimmatbaho toshlar narxi o‘rtasidagi ijobiy farqdan kelib chiqib aniqlaydi.


Avvalroq Spot yil boshidan turizm, ovqatlanish va ayrim qishloq xo‘jaligi korxonalariga 32,3 mlrd so‘m QQS qaytarilgani haqida yozgandi.

Qaytarilgan QQSning asosiy qismi 587 ta umumiy ovqatlanish korxonasiga to‘g‘ri kelib, ularga 25,6 mlrd so‘m qaytarib berildi.