Prezident Shavkat Mirziyoyev 8-aprel kuni Toshkent viloyatida amalga oshirilayotgan islohotlar natijadorligi hamda kelgusidagi ustuvor vazifalar yuzasidan yig‘ilish o‘tkazdi.
Yig‘ilishda Bo‘stonliqdagi “Amirsoy” qishki kurort majmuasi va “Beldersoy resort” maskani xalqaro darajadagi turizm markazlariga aylangani qayd etildi.
Endilikda shunday loyihalarni Parkent, G‘azalkent, Ohangaron va Angrenning tog‘li hududlarida ham amalga oshirish mumkinligi ko‘rsatib o‘tildi.
Masalan, Parkentda “Oltin bel” cho‘qqisi va unga tutash hududda mehmonxona, “shale” uslubidagi uylar, dam olish va ko‘ngilochar majmualarni o‘z ichiga olgan tog‘-chang‘i kurort zonasi, Ohangaron tumanida esa “Moviy tog‘lar” dam olish oromgohi negizida zamonaviy turizm majmuasi tashkil etiladi.
Shuningdek, Angren shahrining Lashkarak va Yangiobod hududlarida “turizm qishloqlari”, Bekobod tumanida ekologik va ov turizmi, Parkent tumanida “Kumushkon” turizm majmuasi hamda Parkentsoyda oilaviy dam olish maskanlari va mehmon uylarini tashkil etish rejalashtirilgan. Joylashtirish vositalari quvvatini 35,5 ming o‘ringa yetkazish ko‘zda tutilgan.
Mazkur ishlar hisobidan viloyatda turizm eksportini $600 mlnga, xorijiy va mahalliy sayyohlar sonini 16,5 mlnga yetkazish vazifasi qo‘yildi.
Yig‘ilishda viloyatning “og‘ir” toifadagi va “Yangi O‘zbekiston qiyofasidagi” tuman, shahar va mahallalaridagi 231 ta loyihaga 956 mlrd so‘m ajratilgani qayd etildi. Aholi mahallalarida uy-joy, elektr, suv, kanalizatsiya va yo‘llar yaxshilash ishlarini jadallashtirish vazifasi qo‘yildi.
Xususan, ichimlik suvi bormagan 39 ta mahalla markazlashgan ichimlik suvi bilan to‘liq taʼminlanadi, yana 81 ta mahalladagi 166,7 kilometr yaroqsiz suv tarmog‘i rekonstruksiya qilinadi. Shuningdek, 145 ta mahalladagi 121 ta eskirgan transformator yangilanib, 443,6 kilometr elektr tarmoqlari almashtiriladi.



Yig‘ilishda yirik ijtimoiy va innovatsion loyihalar ham ko‘rib chiqildi. Jumladan, Yuqori Chirchiq tumanida 400 gektar maydonda qiymati $5 mlrd bo‘lgan “Tashkent Medical Smart City” xalqaro innovatsion tibbiyot shaharchasini barpo etish rejasi muhokama qilindi.
Shu bilan birga, Nurafshon shahrida $35,4 mlnlik Kelajak texnologiyalari markazini tashkil etish, 100 dan ortiq xorijiy AT kompaniyani jalb qilish va xizmatlar eksportini yiliga $20 mlnga yetkazish, 670 o‘rinli ko‘p tarmoqli tibbiyot klasteri, ijtimoiy muassasalar markazi, viloyat davlat arxivi binosi kabi loyihalar ko‘rib chiqildi.
Bundan tashqari, aholi murojaatlari bilan ishlash, jamoat xavfsizligini taʼminlash, “yashil iqtisodiyot” va yoshlarga oid siyosat borasida olib borilayotgan ishlar hamda kelgusi rejalar ko‘rib chiqildi.
Yig‘ilish yakunida prezident mutasaddilarga viloyat islohotlar shtabi bilan birgalikda mavjud salohiyatdan to‘liq foydalanib, yangi ish o‘rinlari yaratish, aholi daromadlarini oshirish va yashash sharoitini yaxshilashga qaratilgan har bir dastur va loyihaning aniq natija berishini taʼminlash yuzasidan topshiriqlar berdi.
Toshkent viloyatini kambag‘allik va ishsizlikdan xoli hududga aylantirib, boshqa hududlar uchun namuna ko‘rsatish mas’ullar faoliyatining eng ustuvor vazifasi bo‘lishi belgilandi.
2025-yil yanvar oyida Janubiy Koreyaning Haeahn Consulting & Development kompaniyasi bilan birgalikda Yuqori Chirchiq tumanida “aqlli tibbiyot klasteri"ni tashkil etish rejalari ma’lum bo‘ldi.
O‘tgan yozda prezidentga Parkent tumani tog‘larida Avstriya kompaniyasi ishtirokida 1200 gektar maydonda tog‘-chang‘i kurorti qurish loyihasi taqdim etilgan edi. Uning doirasida uch, to‘rt va besh yulduzli mehmonxonalar, tog‘-chang‘i trassalari, ko‘targichlar, shalelar, piknik zonalari, restoranlar va sog‘lomlashtirish majmualari qurilishi ko‘zda tutilgan.
Avvalroq Spot Buxoroda yangi sayyohlik markazida xalqaro brendlarning 5 ta mehmonxonasi ochilishi haqida yozgandi.


