Qoraqalpog‘istonda avtomobillarga gaz to‘ldirish talab va shartlarini qo‘pol ravishda buzgan metan “zapravka"ning litsenziyasi bekor qilindi. Bu haqda O‘zenergoinspeksiya xabar berdi.

Joriy yilning 2-yanvar kuni Qoraqalpog‘istonda joylashgan AGTKSh tomonidan metan gaz baloni o‘rniga propan gaz baloni o‘rnatilgan avtomobilga siqilgan tabiiy gaz (metan) quyilishi natijasida portlash sodir bo‘lib, mazkur holat yuzasidan foto va videolar ijtimoiy tarmoqlarda keng tarqalgan edi.

Ushbu holat O‘zenergoinspeksiya tomonidan atroflicha o‘rganilib, o‘rganish natijalariga asosan, shoxobchaga tegishli litsenziyani bekor qilish uchun sudga ariza kiritildi.

Qoraqalpog‘iston iqtisodiy sudining 2026-yil 8-apreldagi qarori bilan “K.M.” MChJ tomonidan litsenziya talab va shartlari qo‘pol ravishda buzilgan deb topilib, jamiyatga tegishli litsenziya bekor qilinishi belgilandi.

Inspeksiyaning qayd etishicha, siqilgan tabiiy yoki suyultirilgan uglevodorod gazda ishlashga moslashtirilganligi to‘g‘risida tegishli ruxsat etuvchi hujjatlari mavjud bo‘lmagan avtomobillarga gaz to‘ldirish litsenziya talab va shartlarini qo‘pol ravishda buzish hisoblanadi va litsenziyaning bekor qilinishiga sabab bo‘ladi.

2025-yil oktabr oyidan boshlab O‘zbekistonda UGaz gaz quyish shoxobchalari uchun onlayn hisobga olish tizimi ishga tushirildi.

U real vaqt rejimida ishlatilgan gaz hajmini nazorat qilish, shuningdek, yoqilg‘i quyish shoxobchalarining xavfsizligini ta’minlash imkonini beradi. Buning uchun tizim barcha kirib kelayotgan avtomobillarni raqamlar bo‘yicha avtomatik ravishda tekshiradi.

Agar avtomobilda texnik ko‘rik muddati tugagan bo‘lsa yoki gaz ballonini o‘rnatish uchun ruxsatnoma bo‘lmasa, UGaz operatorni ogohlantiradi. Shuningdek, tizim mos kelmaydigan yoqilg‘i turi (metan yoki propan) haqida xabar beradi.

Noyabr oyida Vazirlar Mahkamasining yoqilg‘i quyish shoxobchalarida xavfsizlikni ta’minlash to‘g‘risidagi qarori loyihasi e’lon qilindi.

O‘zenergoinspeksiya fuqarolarning hayoti va sog‘lig‘iga xavf tug‘diradigan, yong‘in va sanoat xavfsizligi talablariga, ekologik va shaharsozlik normalariga javob bermaydigan yoqilg‘i quyish shoxobchalarini ko‘chirishni taklif qilgan.


Avvalroq Amerikaning Gulf kompaniyasi ikki yil ichida O‘zbekistonda 100 ta “zapravka” ochib, aviatsiyaga $150 mln investitsiya kiritishi haqida xabar berilgandi.