Toshkentdagi uchta bozorning ayrim bloklari vaqtincha yopildi. Bu haqda Favqulodda vaziyatlar vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

8-aprel kuni Toshkent shahar Favqulodda vaziyatlar bosh boshqarmasi xodimlari tomonidan Yashnobod tumanidagi Aviasozlar, Shayxontohur tumanidagi Eski juva (Chorsu) dehqon bozorlari hamda Chilonzor tumanidagi buyum bozorida tekshiruvlar o‘tkazildi. Uning doirasida ushbu bozorlarning yong‘in xavfsizligi talablariga amal qilishi o‘rganildi.

Natijada, mazkur bozorlarda ochiq holatdagi elektr simlar, yong‘in xavfiga olib keluvchi vaziyat yoki yong‘in o‘chirish jo‘mraklarining nosozligi, ayrim joylarda esa ularning mavjud emasligi kabi yong‘in xavfsizligi qoidalarining qo‘pol ravishda buzilishi aniqlandi.

Kamchiliklar aniqlangan joylar — bozorlarning ma’lum bir qismlari elektr ta’minotidan uzilib, kamchiliklar bartaraf etilgunga qadar ular faoliyati vaqtincha to‘xtatildi. FVVda qayd etilishicha, nazorat tadbirlari bozorlarda xavfsiz muhitni ta’minlash, sodir bo‘lishi mumkin bo‘lgan favqulodda vaziyatlar va yirik yong‘inlarning oldini olishga qaratilgan.

Mart oyida Park in Mall markazidagi yong‘in ortidan uning faoliyati vaqtincha to‘xtatilgandi. Oilaviy savdo-ko‘ngilochar markazi yong‘in xavfsizligi sohasidagi kamchiliklarni to‘liq bartaraf etishi kerak.

Avvalroq Spot bozor va savdo markazlari egalari ularni yong‘indan sug‘urtalashi shart bo‘lishi haqida yozgan edi. Yong‘in xavfsizligi islohoti to‘g‘risidagi qonun loyihasi Qonunchilik palatasida ikkinchi va uchinchi o‘qishdan o‘tib, Senatga yuborildi.