9-aprel kuni qabul qiilngan Vazirlar Mahkamasi qarori (154-son) bilan hukumatning ayrim qarorlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilib, ba’zilari o‘z kuchini yo‘qotdi.
Hukumatning 2021-yil 7-yanvardagi 1-son qaroriga kiritilgan qo‘shimchalarga ko‘ra, “Davlat soliq xizmati organlari tomonidan soliq to‘lovchilar faoliyatida amalga oshiriladigan soliq nazorati tadbirini videotasvirga olish tartibi to‘g‘risida"gi nizom tasdiqlandi.
Nizomga ko‘ra, nazorat tadbirlari soliq organi rahbari yoki rahbar o‘rinbosarining soliq tekshiruvini o‘tkazish to‘g‘risidagi buyrug‘i asosida videotasvirga olinadi.
Nazorat tadbirlarida quyidagilar videoga olinadi:
- soliq solish obyektlarini hisobga olish;
- xronometrajni ko‘zdan kechirish;
- soliq to‘lovchi ishchi va xodimlarining haqiqiy soni hamda soliq hisobotidagi aks ettirilgan ishchi va xodimlar soniga muvofiqligini tekshirish;
- nazorat kassa texnikasi va hisob-kitob terminallarini qo‘llash;
- savdo va xizmat ko‘rsatish qoidalariga rioya etilishi va boshqalar.
Bunda tadbir soliq to‘lovchilarning qonuniy faoliyatini to‘xtatib qo‘ymaydigan va faoliyat ko‘rsatishiga ziyon yetkazmaydigan tarzda amalga oshiriladi.
Nazorat natijasi bo‘yicha tuzilgan dalolatnomada tadbir jarayonini videoga olish moslamasi (qurilmaning rusumi va seriya raqami), videotasvirga olingan holatlar to‘g‘risidagi ma’lumotlar aks ettiriladi.
Joriy hafta boshida Shavkat Mirziyoyev soliq ma’murchiligini takomillashtirishga qaratilgan taqdimot bilan tanishdi. Unda strategik bo‘lmagan yirik soliq to‘lovchilarga hududlarda xizmat ko‘rsatishni kuchaytirish, soliq nazoratini soddalashtirish hamda tadbirkorlar uchun qulay tizim yaratish masalalari muhokama qilindi.
Prezident raqamli tahlil va sun’iy intellektdan foydalanib, “aqlli” nazorat tizimini joriy etish orqali 2026-yilda budjetga qo‘shimcha 30 trln so‘m tushumni ta’minlash zarurligini ko‘rsatib o‘tdi. Bu savdo va xizmatlar, sanoat, qurilish hamda umumiy ovqatlanish sohalarida P2P operatsiyalar monitoringi, tovarlarni markirovkalash, raqamli nazoratni kuchaytirish, yuklarni hujjatsiz tashishni avtomatik aniqlash va norasmiy bandlikni rasmiylashtirish orqali amalga oshirilishi mumkin.