O‘zbekistonda san’atkorlardan har bir to‘y yoki konsert uchun soliq undirilishi mumkin. Buni nazarda tutuvchi prezident qarori loyihasi Adliya vazirligi tomonidan jamoatchilik muhokamasiga qo‘yildi.

Loyiha yaqinda e’lon qilinganiga qaramay, san’atkorlarni soliqqa tortish masalasi o‘tgan yili ko‘tarilgandi. 2025-yilning aprel oyida Soliq qo‘mitasi raisining sobiq birinchi o‘rinbosari Mubin Mirzayev 2027-yildan ulardan daromad solig‘i majburiy tartibda undirilishini ma’lum qildi.

O‘z daromadlarini to‘liq ko‘rsatmagan yoki soliqlardan qochgan san’atkorlarga nisbatan soliq tekshiruvlari o‘tkaziladi. 2025−2026 yillar davomida tizim tartibga solinib, qonunchilik asosida daromadlarni soliqqa tortish yuzasidan ishlar olib borilishi ko‘zda tutilgandi.


Nimalar taklif qilinmoqda?

Unga ko‘ra, konsert faoliyati bilan bog‘liq barcha xizmatlarni Soliq ilovasida ro‘yxatdan o‘tkazish nazarda tutilgan. Ijrochilar va jamoalar to‘lov amalga oshirilgandan so‘ng avtomatik ravishda elektron ma’lumotnoma olish uchun xizmat ko‘rsatish joyi va sanasini ko‘rsatishlari kerak bo‘ladi. Bu talabni 1-sentabrdan o‘rnatish taklif qilinmoqda.

Bundan tashqari, ushbu sanadan boshlab 2029-yil boshiga qadar jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘ining “bitta xizmat — bitta to‘lov” tamoyili asosida olinadigan qat’iy miqdorlarini belgilash ko‘zda tutilmoqda. Mehnat shartnomasi asosida ishlovchi ijrochilar bundan mustasno.

Soliq stavkalari ijrochining reyting guruhi va konsert o‘tkaziladigan joyiga qarab quyidagicha bo‘ladi:

Reyting toifasi
Miqdor, BHM (so‘mda)
Toshkent shahri
Nukus va viloyatlar markazlarida
Boshqa shahar va qishloq joylarda
I
3 (1 236 000)
2 (824 000)
1 (412 000)
II
2 (824 000)
1 (412 000)
0,5 (206 000)
III
1 (412 000)
0,5 (206 000)
0,25 (103 000)

Xizmat deganda quyidagilar tushuniladi:

  • restoran, bar, kafe va xususiy uylarda o‘tkaziladigan tadbirlarda ishtirok etish — yubiley, to‘ylar (FHDYOdagi marosim, “osh berish”, kechki to‘y marosimlari — “nikoh to‘yi”, “kelin salom”), shuningdek “sunnat to‘yi” marosimlari;
  • ko‘ngilochar tashkilotlarda — klub, diskoteka, restoran, bar va qahvaxonalarda xizmat ko‘rsatish (yakkaxon xonanda, sozanda, raqqosa, boshlovchi, qiziqchi, DJ-ovoz operatori, ma’mur va boshqalar) xizmat ko‘rsatish.

Agar xizmat haqidagi ma’lumotlar Soliq ilovasiga kiritilmasa va soliq to‘lanmasa, bu litsenziya shartlarini qo‘pol buzish hisoblanadi. Ijrochilar har bir chiqish uchun, hatto bepul bo‘lsa ham soliq to‘laydi. Faqat Madaniyat vazirligi tashabbusi bilan o‘tkaziladigan davlat tadbirlaridagi bepul ishtirok bundan mustasno.

Ilovada shartnomalarni soddalashtirib ro‘yxatdan o‘tkazish, tadbirlarni onlayn band qilish, elektron hamyon orqali to‘lov qilish, xizmatlar ro‘yxatini tekshirish va ijrochilar narxlarini e’lon qilish imkonini beruvchi maxsus modul ishga tushiriladi.

2029-yil 1-yanvardan konsert faoliyati shartnoma summasi asosida umumiy JSHODS stavkasi bo‘yicha soliqqa tortiladi va soliq qat’iy miqdorlardan kam bo‘lmaydi. Hisob-kitoblar to‘liq naqd pulsiz shaklga o‘tkazilib, soliqni hisoblash, to‘lash va hisobot topshirish jarayonlari avtomatlashtiriladi.

Ijrochilarning yillik daromadining 30%i hujjatsiz xarajat sifatida hisobga olinadi, zarurat bo‘lsa yana 10% qo‘shimcha chegiriladi. Litsenziya boji va ijtimoiy soliq ham xarajat sifatida inobatga olinadi.

Agar xizmatlar Soliq ilovasida ro‘yxatdan o‘tkazilmasa va soliq to‘lanmasa, bu soliq bazasini yashirish deb baholanadi va o‘rtacha shartnoma qiymatining 20%i, biroq kamida 20 BHM (8,24 mln so‘m) miqdorida jarima qo‘llanadi.

Qaror loyihasi jamoatchilik e’tiboriga taqdim etilgandan keyin bu O‘zbekistondagi ayrim san’at vakillarining e’tirozlariga sabab bo‘ldi. Natijada, Madaniyat vazirligi loyiha bo‘yicha munosabat bildirib, loyihaning ayrim bandlari yuzasidan rasmiy e’tirozlar kiritilganiga qaramay, Adliya vazirligi uni muhokamaga qo‘yganini ma’lum qildi.

Madaniyat vazirligiga ko‘ra, hozirda san’atkorlar har oy BHMning bir barobari (412 ming so‘m) miqdorida ijtimoiy soliq hamda yillik daromadidan 12% daromad solig‘i to‘lab kelmoqda. Shu bois “san'atkorlar umuman soliq to‘lamaydi” degan fikrlar haqiqatga to‘liq to‘g‘ri kelmaydi.

Vazirlik qaror loyihasi bo‘yicha quyidagi taklif va e’tirozlarni bildirgan:

  • loyihaning ayrim bandlariga yengilliklar kiritish;
  • amaliy qo‘llash mexanizmlarini qayta ko‘rib chiqish;
  • soliq miqdorlarini toifalar kesimida adolatli belgilash;
  • sohaning turli ishtirokchilari uchun tabaqalashtirilgan yondashuvni joriy etish;
  • qator normalarni aniqlashtirish.

Shuningdek, Madaniyat vazirligi loyiha tashabbuskorlarini ijodkorlar va soha vakillarining takliflarini ham inobatga olishga chaqirdi. “Chunki qabul qilinadigan har qanday qaror, avvalo, qonuniylik, adolat va amaliy samaradorlik tamoyillariga asoslanishi kerak”, — deyiladi xabarda.

Spot UTax Soliq maslahatchilari tashkiloti rahbari Murod Muhammedjanov bilan san’atkorlarning soliq to‘lash tartibi hamda muhokamaga qo‘yilgan yangi tizim yuzasidan suhbatlashdi.


“Bu yangi soliq emas, nazorat kuchaytirilmoqda xolos”

ijodkorlar, munosabat, murod muhammedjanov, san'atkor, soliqlar

Murod Muhammedjanov,

UTax Soliq maslahatchilari tashkiloti rahbari.

San’atkorlarning soliq to‘lash masalasida juda ko‘p ommaviy chiqishlar qilishayotganini ko‘ryapmiz. Haqiqatda bu “o‘rinli e’tiroz”, deb o‘ylayman. Sababi, qonunchilikda soliqlardan qisman ozod etiladigan aholi toifalari belgilab qo‘yilgan. Bular qatoriga birinchi va ikkinchi guruh nogironlari, urush qatnashchilari, bolalikdan nogironligi bo‘lgan hamda doimiy parvarishga muhtoj fuqarolar, ikki va undan ortiq 16 yoshga to‘lmagan bolalari bor hamda boquvchisini yo‘qotganlik uchun pensiya olmaydigan beva ayol va erkaklar kiradi.

San’atkorlarimiz ham ushbu toifalardan qaysi biriga to‘g‘ri kelsa, soliq to‘lashmasliklari mumkin. Agar bunday bo‘lmasa, demak ular boshqa fuqarolar kabi umumiy tartibda soliq to‘lashlari kerak. Qolaversa, bundan bo‘yin tovlaganlik uchun ham qonunchilikda javobgarlik belgilangan.

Hozir ham san’atkorlarning konsert-tomosha faoliyatidan olgan daromadlari soliqqa tortiladi, biroq ularning to‘y va boshqa tadbirlardagi chiqishlarini nazorat qilish imkoniyati yetarli darajada emas edi. Nega? Chunki soliqqa tortish elektron nazorat darajasiga ko‘tarilmagan edi.

Muhokamaga qo‘yilgan loyiha bilan esa elektron nazorat tizimi orqali har bir san’atkorning qaysi tadbirga qancha haq evaziga chiqishini qayd etib borish rejalashtirilmoqda. Bu kabi ma’lumotlarni taqdim etmaslik esa uni yashirish hisoblanadi.

Mutaxassis sifatida taklif etilayotgan tartiblarning deyarli hammasini asosli deb hisoblayman. Qolgan holatda esa hujjatdagi boshqa bo‘shliqlar amaliyot jarayonida yuzaga chiqishi mumkin. Xususan, “bitta xizmat — bitta to‘lov” tamoyili bir qator savollarni tug‘dirmoqda:

  • Hisob-kitoblar xizmatga borishdan oldin amalga oshiriladimi?
  • Tadbir o‘tkaziladigan hudud Soliq ilovasida ariza berilgach belgilanadimi?
  • Tadbir vaqti va sanasi, shuningdek, xizmat narxi ham oldindan ko‘rsatiladimi?
  • Arizani kim tasdiqlaydi?

Masalan, qaysidir xonanda tizimda to‘y xizmati uchun olingan daromadini soliqdan qochish uchun 5 mln so‘m etib ko‘rsatib, aslida 10 mln so‘m olgan bo‘lsa, buning hisobini kim yuritadi yoki to‘lovchi, ya’ni to‘y egasi ham buni tasdiqlashi kerakmi — loyihaning shu jihatlari ham bor.

Ya’ni, nazoratga olish tadbirlari ikki tomonlama bo‘lishi kerak — bir tomonlama nazorat bo‘lmaydi. Biroq, tizimni takomillashtirish zarurati xizmat ilovada ishga tushirilgandan keyingina yuzaga chiqishi mumkin. Hozirgi holatda qaror loyihasida asosli tartiblar keltirilgan, deb o‘ylayman.

Yangi tizim dastlabki bosqichda to‘y xizmatlari narxiga ma’lum darajada ta’sir qilishi mumkin. Ayrim san’atkorlar soliq sabab narxni oshirishga harakat qilishi ehtimoli bor. Lekin 12% lik soliq ularga yuk bo‘lmaydi. Chunki narx soliq emas, san’atkorga bo‘lgan talab va taklif asosida shakllanadi.

Oddiy misol, Yulduz Usmonovani odamlar $10 mingga bo‘lsa ham to‘yiga chaqiryapti. Kerak bo‘lsa, viloyatlarga $15−20 mingga boradi. Talab borki, taklif shakllanadi. Agar talab bo‘lmaganida, Yulduz Usmonova ham xizmat narxini $8 ming yoki $5 minggacha tushirishga majbur bo‘lardi. Bu, albatta, aholining san’atga bo‘lgan talabiga bog‘liq.

Umuman olganda, bu san’atkorlar uchun yangi soliq emas. Soliq avval ham mavjud bo‘lgan, faqat nazorat kuchaytirilayotgani sababli bu masala keng muhokama qilinmoqda.


San’atkorlar qanday fikrda?

Xususan, qo‘shiqchi, aktyor va boshlovchi Samandar Hamraqulov ushbu qonun loyihasiga qarshi chiqdi. U bunga san’atkorlarning qarzi, krediti borligini sabab qilib keltirgan.

“Biz, san’atkorlar soliq to‘lashdan hech qachon qochmaymiz. Lekin san’atkorlarning daromad topish manbasi faqat to‘y. Ular xarajat qilib qo‘shiq aytadi, klip oladi, lekin xalqda to‘y bo‘lsagina shu pulni yo qoplaydi yoki yo‘q. Hozirgacha 3−5 yillab qarz to‘layotganlari bor, hech foydaga chiqolmaydi bechoralar. Shuning uchun soliqqa tortishda har tomonlama hisob-kitob qilish kerak, deb o‘ylayman. Soliq hisobiga keksalar pensiyasi, armiyada xizmat qilayotganlarning oziq-ovqat va kiyim-kechaklari ta’minlanadi. Lekin bunaqa soliq qo‘yayotganda har tomonlama hisobga olinishi kerak-ku”, — dedi u.

Xonanada ko‘pchilik san’atkorlar avtomobilni kreditga olishini ta’kidlab, ularga yengillik berishni iltimos qildi. Uning fikricha bu yaxshi ijod qilish imkonini beradi. “Agar ularning fikr-u xayoli faqat tirikchilik qilish bo‘lsa, ijod bo‘lmaydi”, — qayd etdi Hamroqulov.

Boshlovchi Abduvosid Sarimsoqov Samandar Hamraqulovning fikrlariga qo‘shilishini bildirib, u “ming foiz haq bo‘lgani"ni aytdi. Uning ta’kidlashicha, xonandalar orasida kirakashlik qilayotgan, jarima va kommunal to‘lovlarini amalga oshira olmayotganlari ham bor.

Sarimsoqovning qayd etishicha, ayrim san’atkorning qarzi va krediti borligi uchun ham masalaning bu jihatini inobatga olish kerak edi, chunki, ularning kostyum-shimda yurishi bu ularning puli ko‘pligini anglatmaydi.

“$1000 dan $5000 gacha yuradigan to‘rt-besh nafar san’atkordan andoza olib, hamma shunaqa, degan fikrga kelmang. Qaysidir qimmat san’atkorning organizatorlari o‘rtaga tushib, ularning narxini oshirgach, „bu san’atkor quturib ketibdi“ deb o‘ylamang. Ancha pastroq darajada yurgan nomdor san’atkorlar bor. Shundaylarini bilaman, oyiga bir-ikkita to‘yga chiqadimi, yo‘qmi, lekin moliyaviy imkoniyati sizlar qo‘ymoqchi bo‘layotgan soliqlarni to‘lay olmaydigan darajadagi ijodkorlar bor. Soliq solmoqchi bo‘lganlardan bu masalani qayta ko‘rib chiqishlarini iltimos qilgan bo‘lardim”, — deydi boshlovchi.

Xonanda Sharof Muqimov ham to‘rt-besh nafar mashhur san’atkorga qarab, butun sohani baholash adolatdan emas, degan firkda. U ayrim san’atkorlar tirikchilik maqsadida boshqa ishga qo‘l urayotganini, ayrimlari esa san’atni tark etayotganini qayd etdi.

Biroq, qo‘shiqchi Davron Ergashev boshqa hamkasblaridan farqli ravishda san’atkorlarni soliqqa tortish tashabbusini qo‘llab-quvvatladi. Shuningdek, u san’at ahlining barchasi “o‘ziga to‘q"ligini aytib, aslida soliqdan qochmaslik kerakligini bildirdi.

“Xalqimiz orasida boy ham, o‘rtahol ham va kambag‘al ham bor. To‘g‘risini aytish kerak, biz ancha-munchasidan ko‘p topamiz. To‘yga, u-bu joyga borsak xalqimiz qo‘lini ko‘ksiga qo‘yib, bizlarni chiroyli kutib olishadi, aytgan pulimizdan ortig‘ini ham berishadi. San’atkorlar, sizlar bechora bo‘lib qoldinglarmi?! Pistachi ham, bozorchi ham, pomidor-bodring sotadiganlar ham soliq to‘layapti, nega endi biz to‘lamasligimiz kerak?! Odamlar oylab mehnat qilib, topadigan $500−600 ni biz 15−20 daqiqada bitta to‘ydan topyapmiz”, — dedi xonanda.

Shuningdek, Ergashev O‘zbekistonda eng og‘ir jinoyat odam o‘ldirish bo‘lsa, Amerikada bu soliqdan qochish ekanligini ta’kidladi. Agar soliqlar vaqtida to‘lanmasa Amerika fuqarolari 40 yilgacha qamoq jazosiga tortilishi mumkin. Qo‘shiqchi tarmoqlar orqali krediti va qarzi borligini aytib chiqayotgan xonandalarning bu harakatlarini “uyatli” deb baholadi.

Xonanda Jahongir Otajonov daromad solig‘ini to‘lashga tayyorligini, biroq buning evaziga san’atkorlarga turli majburiy takliflar bilan bosim bo‘lmasligi kerakligini aytdi. Uning fikricha, san’atkorlar to‘y yoki tadbirlarga faqat xizmat haqi to‘langan taqdirdagina borishi lozim.

U shuningdek, xonandalardan soliq olinadigan bo‘lsa, O‘zbekkonsert va litsenziya tizimining zarurligi haqida savollar tug‘ilishini ta’kidladi. Otajonovga ko‘ra, san’atkorlar mustaqil ijodkor sifatida ishlashi va bu tashkilot bilan majburiy aloqada bo‘lmasligi kerak.

“Mayli, biz soliq to‘laylik, lekin O‘zbekkonsert bilan hamkorlik qilmaylik. Bu tashkilot tomonidan o‘z haq-huquqimni himoya qilingan, deb hisoblamayman. To‘g‘ri, ular hozirgi paytda meni hech qanday majburiy bir ishga jalb etishmadi. Oldin esa bor edi, qaysidir to‘yga bormasangiz, litsenziyadan mahrum qilishardi. Hatto jinoiy javobgarlikka tortilgan paytlarim ham bo‘lgan. Hozirgi vaqtda O‘zbekkonsert biz bilan yaxshi munosabat qiladi. Lekin ushbu tashkilotga nisbatan menda psixologik travma qolgan”, — deya qo‘shimcha qildi Jahongir Otajonov.

Xonanda ushbu tartibni ishlab chiqqan mas’ullar san’atkorlarning topayotgan daromadi va xarajatlarini ham tahlil qilib ko‘rishi kerakligini aytdi. U ayrim amaldorlarning yaqinlari to‘ylariga san’atkorlarni bepul chaqirishini ham tanqid qildi.

O‘zbekiston xalq artisti Yulduz Usmonova ham san’atkorlarning to‘y-tomoshadan olgan daromadlarini soliqqa tortish taklifini tanqid qildi. Uning ta’kidlashicha, agar san’atkorlar ortiqcha xarajat deb hisoblansa, davlat tadbirlariga taklif qilinmasligi kerak.

U san’atkorlar kosmetologga borish va qo‘shiq yaratish kabi xarajatlarga mablag‘ sarflashini, bayram va tadbirlar uchun qo‘shiqlar buyurtma qilinsa, buning uchun ham haq to‘lanishi lozimligini qayd etdi. Xonanda san’atkorlar faoliyati qiyin ekanini, soliq joriy qilinsa, yangi qo‘shiqlar yaratish yanada qiyinlashishini ta’kidladi.

“To‘ylardan ham soliq oladigan bo‘lishsa, to‘y qilayotgan odam bir san’atkor soliq to‘lashi uchun yana shuncha pul to‘lashi kerak. Hamma ham o‘g‘ri emas, tadbirkorlarning orasida ishlab topayotgani ham bor. Ular pul olishmaydi, ishlab topishadi. Kim pul olsa, soliq qo‘ying. Bu mashina qayerdan kelgani, qizi, o‘g‘lining Angliyada yurganini so‘rasin”, — dedi Yulduz Usmonova.

Shuningdek, u san’atkorlardan soliq talab qilinishidan oldin ularning qo‘shiqlariga bo‘lgan mualliflik huquqini tartibga solish kerakligini aytdi.