9-aprel kuni qabul qilingan hukumat qarori (VMQ-159-son) bilan top reytingga kiruvchi xorijiy oliy ta’lim tashkilotlarida ilmiy daraja olgan yosh mutaxassislarga ipoteka krediti ajratish tartibi tasdiqlandi.

Unga ko‘ra, O‘zbekistondagi birlamchi uy-joy bozoridan uy-joy sotib olish uchun kreditlar BHMning 2 150 baravarigacha (885,8 mln so‘m) miqdorda beriladi. Mablag‘lar bank hisobidan yillik 14% stavkada har oy qaytarish sharti bilan 10 yilga ajratiladi.

Buning uchun talabgorlar Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (my.gov.uz) orqali ro‘yxatdan o‘tadi. Kredit nomzodlar quyidagi shartlarning barchasiga javob berganda ajratiladi:

  • O‘zbekiston fuqarosi;
  • 35 yoshdan oshmagan;
  • xalqaro reytingda yuqori 100 talik ro‘yxatga kiritilgan xorijiy OTMda ilmiy daraja olgan;
  • diplom belgilangan tartibda nostrifikatsiya qilinganda.

Kredit oluvchi portal orqali ariza, sotib olinadigan uy-joy bo‘yicha ma’lumot hamda qurilish tashkiloti bilan tuzilgan shartnomani ilova qilishi kerak. Kredit sotib olinadigan uy-joy qiymatining 80%idan oshmasligi lozim.

Bank 3 ish kuni ichida talabgorning to‘lovga layoqatliligini o‘rganib, unga ajratilishi mumkin bo‘lgan kredit miqdori to‘g‘risida xulosasini Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligiga taqdim etadi.

Avvalroq Spot top-300 xorijiy OTMlarga kirganlar uchun $20 minggacha taʼlim krediti berilishi haqida yozgan edi.