Avvalroq Spot Shavkat Mirziyoyev 6-aprel kuni iqtisodiyotda davlat ishtirokini qisqartirish va xususiylashtirish jarayonlarini jadallashtirishga doir takliflar taqdimoti bilan tanishgani haqida yozgandi.
Davlat aktivlarini boshqarish agentligi direktori Sohibjon Murodov O‘zbekiston 24 telekanaliga bergan intervyusida iqtisodiyotda davlat ulushini 15% gacha kamaytirish uchun qo‘shimcha 67 ta yirik korxonani xususiylashtirish rejalashtirilayotganini ma’lum qildi.
Shuningdek, xususiy sektorga 1000 ta ko‘chmas mulk obyektini sotish hamda tadbirkorlik faoliyati uchun 3,5 ming gektar yerni auksionga chiqarish ko‘zda tutilgan.
Uning so‘zlariga ko‘ra, tadbirkorlar bilan muloqot chog‘ida va so‘rovnomalar yakunlari bo‘yicha ko‘plab takliflar kelib tushgan.
Xususan, yer uchastkalarini ruxsat beruvchi hujjatlari allaqachon rasmiylashtirilgan tayyor biznes-loyihalar asosida taqdim etish taklifi bildirilgan.
Yig‘ilishda prezident yil yakuniga qadar 35 trln so‘mlik davlat mulki sotilishini va 13,5 trln so‘m miqdorida tushum tushishini ta’minlash, shundan 12 trln so‘mini byudjetga yo‘naltirish bo‘yicha topshiriq berdi, — dedi Murodov.
Bundan tashqari, xususiylashtirish jarayonlarida hududiy hokimiyat organlarining mas’uliyatini oshirish yuzasidan topshiriqlar berildi. Jumladan, tuman hokimliklari o‘z hududida joylashgan har bir sotiladigan obyekt va korxona bo‘yicha investorlarni jalb etish va xaridorlarga hamrohlik qilish uchun mas’ul bo‘ladi.
Binolarni bo‘shatish va optimallashtirish hisobidan 5 mln kvadrat metrga yaqin ko‘chmas mulkni sotish yoki ijaraga berish uchun auksionga qo‘yish rejalashtirilmoqda.
Avvalroq Spot prezidentga UzAuto Motors, Navoiyazot va IESlar kabi yirik aktivlarni xususiylashtirish bo‘yicha axborot berilgani haqida yozgandi.