Avvalroq Shavkat Mirziyoyev 6-aprel kuni soliq ma’murchiligini takomillashtirish va soliq organlari faoliyatini isloh qilishga doir taqdimot bilan tanishgani haqida xabar berilgandi.

Soliq qo‘mitasining strategik rejalashtirish boshqarmasi boshlig‘i Timur Ismoilov O‘zbekiston 24 telekanaliga bergan intervyusida prezidentga taqdim etilgan 2030-yilgacha soliq ma’muriyatchiligi strategiyasining yo‘nalishlaridan biri soliq majburiyatlarini bajarish ekanligini qayd etdi.

“Agar soliq to‘lovchilar soliqlarni o‘z vaqtida to‘lamasa yoki soliqdan qochish holati kuzatilsa, soliq organlarida adolatlilik nuqtayi nazaridan ta’sir chorasi bo‘lishi kerak. Ular soliq to‘layaptimi, yo‘qmi — biz hammasini ko‘rib turibmiz, bu ma’lumotlar bazasida bor”, — dedi u.

Shu munosabat bilan Soliq qo‘mitasi xatarlarni boshqarish (CRM) yo‘nalishida ish olib bormoqda va soliq to‘lovchilarni uchta toifaga — “yashil,” “o‘rta” va “yuqori” xavf guruhiga ajratishni rejalashtirmoqda.Yuqori tavakkalchilikka ega soliq to‘lovchilar ulushini kamaytirish soliq majburiyatlariga rioya etilishini oshirish va budjetga tushumlarni ko‘paytirish imkonini beradi. “Natijada adolatli, xolis va shaffof tizim yaratiladi”, — deya qo‘shimcha qildi Ismoilov.

Strategiyaning yana bir yo‘nalishi — innovatsiyalar va IT. Soliq qo‘mitasi tomonidan rivojlangan davlatlarning soliq ma’muriyatchiligi IT tizimlari o‘rganilib, Jahon banki, Xalqaro valyuta jamg‘armasi va Osiyo taraqqiyot banki bilan birgalikda ishlar olib bordi. Qo‘mita boshqarmasi boshlig‘ining so‘zlariga ko‘ra, strategiya XVJ tomonidan ijobiy baholangan.

Bundan tashqari, Timur Ismoilov big data va sun’iy intellekt texnologiyalaridan foydalanish inson omilini kamaytirish, ma’lumotlarni qayta ishlash va tahlil qilish hamda ulardan samarali foydalanish, shu jumladan soliq tushumlarini ko‘paytirish imkonini berishini ta’kidladi.

“Strategiyada belgilangan vazifalarni yuqori darajada bajarsak, mintaqada yetakchi darajaga chiqish imkoniyatiga ega bo‘lamiz. Eng asosiysi, aholi farovonligini oshirishga o‘z hissamizni qo‘shamiz”, — deya xulosa qildi u.

Taqdimotda “avtokameral” nazoratni jazolash vositasidan xatoni barvaqt aniqlab, tuzatishga xizmat qiladigan profilaktika tizimiga aylantirish, korxonalarni xavf darajasiga qarab, “yashil”, “sariq” va “qizil” toifalarga ajratib ishlash zarurligi ta’kidlangandi.

Avvalroq Spot Soliq qo‘mitasi suv, yer qa’ridan foydalanish va aksiz soliqlari bo‘yicha hisobotni avtomatlashtirishni taklif qilgani haqida yozgan edi.