Avvalroq Shavkat Mirziyoyev 6-aprel kuni soliq ma’murchiligini takomillashtirish va soliq organlari faoliyatini isloh qilishga doir taqdimot bilan tanishgani haqida xabar berilgandi.

Soliq qo‘mitasining strategik rejalashtirish boshqarmasi boshlig‘i Timur Ismoilov O‘zbekiston 24 telekanaliga bergan intervyusida prezidentga 2030-yilgacha bo‘lgan soliq maʼmuriyatchiligi strategiyasi taqdim etilganini, unda to‘rtta ustuvor yo‘nalish belgilanganini aytib o‘tdi.

Ulardan asosiysi — soliq to‘lovchilarga jahon standarti darajasida xizmat ko‘rsatish. Bu soliq maʼmuriyatchiligi soliq to‘lovchilarning talab-istaklaridan kelib chiqqan holda takomillashtirilishini nazarda tutadi.

“Taqdimotimizda yagona g‘azna raqamini joriy etish taklif qilingan. Bizda soliqning to‘qqizta turi mavjud bo‘lishiga qaramay, tuman, shahar va respublika darajasida ularning har biri uchun alohida hisobraqamlar berilgan. Hozirgi kunda soliq to‘lovchilar hisobraqamni noto‘g‘ri kiritgani hisobiga mablag‘lar boshqa hisobraqamga yo‘naltirilishi bilan bog‘liq 20 mingdan ortiq xatolik qayd etilmoqda. Soliq to‘lovchilar uchun qulaylik yaratish maqsadida biz yagona hisobvaraqni joriy etishni taklif qildik”, — dedi u.

Prezident huzuridagi yig‘ilishda Soliq qo‘mitasi suv va yer qaʼridan foydalanganlik uchun soliqlar, shuningdek, aksiz solig‘i bo‘yicha hisobotlarni avtomatik shakllantirishni taklif qildi.

Soliq to‘lovchilarning soliq hisobotini taqdim etishning proaktiv tartibiga munosabati haqidagi savolga javob berar ekan, Timur Ismoilov fikr-mulohazalar ijobiy ekanligini taʼkidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu soliq organlari ilgari buxgalterlar tomonidan bajarilgan majburiyatlarning bir qismini o‘z zimmalariga olayotgani bilan bog‘liq. “Maqsadimiz — soliq to‘lashni sodda, qulay va o‘z vaqtida amalga oshiriladigan qilishdir”, — deb taʼkidladi u.

Shuningdek, qo‘mita boshqarmasi boshlig‘i strategiya soliq to‘lovchilarning soliq organlariga bo‘lgan ishonchini oshirish uchun soliq maʼmuriyatchiligini “tekshiruvdan servisga” yo‘naltirishni nazarda tutadi.

Avvalroq Spot soliq tekshiruvlarini videotasvirga olish tartibi belgilangani haqida yozgan edi. Nazorat tadbirlarida soliq solish obyektlari, xodimlar soni, kassa texnikasi qo‘llanishi va boshqa jarayonlar qayd etiladi.