O‘zbekistonda xonandalar tomonidan to‘langan soliqlar 7 baravardan ko‘proqqa kamaydi. Bu haqda Adliya vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

10-aprel kuni san’atkorlardan har bir to‘y yoki konsert uchun soliq undirishga qaratilgan prezident qarori loyihasining jamoatchilik muhokamasi yakunlandi.

Adliya vazirligi ishlab chiqqan loyiha so‘nggi yillarda muhokamaga chiqarilgan hujjatlar orasida eng ko‘p ko‘rilgan hujjatlardan (16 mingga yaqin) biri bo‘ldi, taklif va mulohazalar soni esa 130 tani tashkil etdi.

Vazirlik qaror loyihasi sohaga oid qonunchilik va mavjud tizimni tartibga solish ta’sirini baholash natijalari asosida ishlab chiqilganini bildirdi. “Uning asosiy maqsadi Soliq kodeksida belgilangan soliq solishning majburiyligi va adolatliligi prinsiplarini ro‘yobga chiqarishdan iborat”, — deyiladi xabarda.

Tahlillarga ko‘ra, 2024-yilda 2 020 nafar xonandaga jami 1,1 mlrd so‘m daromad solig‘i hisoblangan. Bunda o‘rtacha bir nafar xonandaga yiliga 544,5 ming so‘mdan to‘g‘ri keladi. 2025-yilga kelib esa soliq deklaratsiyasini taqdim qilgan xonandalar soni va ularga hisoblangan soliqlar ham keskin kamayib, bu jami 305 nafar san’atkorga 154 mln so‘mni tashkil etdi (bir nafar xonandaga yiliga 505,6 ming so‘m).

Adliya vazirligi bu sohada soliq ma’murchiligini takomillashtirish, yagona va shaffof raqamli hisob tizimini joriy etish zaruratini ko‘rsatayotganini qayd etdi.

Qaror loyihasi manfaatdor vazirlik va idoralar, shu jumladan Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Madaniyat vazirligi, Raqobat qo‘mitasi hamda Soliq qo‘mitasi bilan kelishilgandan so‘ng jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilgan. Barcha taklif va mulohazalar “atroflicha o‘rganib chiqilib”, natijasi bo‘yicha loyiha takomillashtiriladi va yuqori turuvchi idoralarga kiritiladi.

Spot soliq maslahatchisi Murod Muhammedjanov bilan san’atkorlarning soliq to‘lash tartibi hamda muhokamaga qo‘yilgan yangi tizim yuzasidan suhbatlashgandi.

Avvalroq Soliq qo‘mitasi suv, yer qa’ridan foydalanish va aksiz soliqlari bo‘yicha hisobotni avtomatlashtirishni taklif qilgani haqida xabar berilgan edi.