Bakalavriatni xorijiy tilda yakunlagan talabalardan taʼlimning keyingi bosqichida xorijiy til sertifikati so‘ralmaydi. Bu haqda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi ma’lum qildi.
Mazkur tartib prezidentning “Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar tizimini takomillashtirishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida” farmoni bilan belgilanmoqda.
Farmonga ko‘ra, Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi huzuridagi Oliy taʼlimni rivojlantirish tadqiqotlari markazi negizida Oliy taʼlimni rivojlantirish va global hamkorlik markazi tashkil etiladi.
Davlat OTMning bakalavriat taʼlim yo‘nalishlariga ajratilgan grant kvotalarining to‘lmay qolgan qismi hisobidan har yili 500 nafargacha iqtidorli chet el fuqarolariga grant (o‘qish xarajatini qoplash va maxsus stipendiya) berishni nazarda tutuvchi “Yangi O‘zbekiston stipendiyasi” dasturi amalga oshiriladi.
2026/2027 o‘quv yilidan boshlab xorijiy talabalarni o‘qishga qabul qilish “Study in Uzbekistan” platformasi orqali yo‘lga qo‘yiladi. Bunda, qabul shartlari va tartibi oliy taʼlim tashkiloti tomonidan mustaqil belgilanadi.
Shuningdek, taʼlim dasturini xorijiy tilda yakunlagan talabalar taʼlimning keyingi bosqichi uchun hujjat topshirishda xorijiy tilni bilish to‘g‘risidagi sertifikatni taqdim etishdan ozod etiladi.
Shu bilan birga, farmon bilan grantda taʼlim olayotgan bir nafar talabani o‘qitish xarajatlari miqdorini shakllantirish tartibi joriy etiladi.
Unga ko‘ra, 2027-yildan boshlab, oliy taʼlim tashkilotlari milliy reytingi natijalariga ko‘ra moliyaviy rag‘batlantirish tizimi yo‘lga qo‘yiladi.
Bunda milliy reyting talabalar soni ustuvor bo‘lgan yo‘nalishlar asosida toifa guruhlariga ajratilgan holda yuritiladi. Akademik, ilmiy va xalqaro faoliyati, raqamlashtirish darajasi va bitiruvchilar bandligi ko‘rsatkichlari bo‘yicha baholanadi.
Milliy reyting natijalariga ko‘ra, har bir toifa guruhiga mansub oliy taʼlim tashkilotlarining 20%i 1-darajaga, 40%dan 2- va 3-darajalarga kiritiladi. Reytingni yuritish tartibi Taʼlim sifatini taʼminlash milliy agentligi tomonidan belgilanadi.
Davlat granti asosida taʼlim olayotgan bir nafar talabani o‘qitish xarajatlari miqdorini quyidagi ko‘rsatkichlardan kelib chiqib shakllantirish tartibi joriy etiladi:
- bir nafar professor-o‘qituvchiga to‘g‘ri keladigan o‘rtacha talabalar soni nisbati;
- taʼlim yo‘nalishlari (ixtisosliklar) uchun talab etiladigan moddiy-texnik baza;
- kadrlar tayyorlashning ustuvor sohalariga mosligi;
- xodimlarning mehnatiga haq to‘lash va ularni rag‘batlantirish bilan bog‘liq xarajatlar;
- oliygohning maqomi va (yoki) toifasiga ko‘ra ilmiy tadqiqotga yo‘naltirilganligi;
- milliy reyting natijalariga ko‘ra oliygohning darajasi;
- oliygohning hududiy mansubligi;
- oliygohni saqlash bilan bog‘liq xarajatlar.
Davlat ilmiy dasturlari doirasida ilmiy-tadqiqot loyihalarini tanlab olish va moliyalashtirishning yangi tartibi joriy etiladi.
Ajratilgan mablag‘larni ilmiy-tadqiqot loyihalarini tanlovlarsiz moliyalashtirish hamda ilmiy va innovatsion faoliyatdan tashqari boshqa maqsadlar uchun yo‘naltirish taqiqlanadi.
Avvalroq xorijda ilmiy daraja olgan yoshlarga imtiyozli ipoteka krediti berilishi haqida xabar berilgandi.
Top-100 xorijiy OTMning 35 yoshgacha bo‘lgan bitiruvchilari 885,8 mln so‘mgacha ipoteka kreditini 10 yilga, yillik 14% stavkada olishlari mumkin bo‘ladi.