Avvalroq Spot Shavkat Mirziyoyev Surxondaryo viloyatida issiqxonalar uchun Surxon-Agro erkin iqtisodiy zonasini ta’sis etish to‘g‘risida qaror qabul qilgani haqida yozgandi.
9-aprel kuni Vazirlar Mahkamasi o‘z qarori bilan mintaqada issiqxona sohasini rivojlantirish chora-tadbirlarini tasdiqladi.
Hukumat “atrof-muhit va inson salomatligiga salbiy ta’sir ko‘rsatadigan” issiqxona xo‘jaliklarini yangi EIZga ko‘chirish bo‘yicha takliflarni ma’qulladi.
1-iyundan boshlab Toshkent shahri, Toshkent, Qibray, Yuqori Chirchiq, Zangiota va Yangiyo‘l tumanlarida ko‘mir, mazut va atmosfera uchun zararli bo‘lgan boshqa turdagi yoqilg‘ilar bilan isitiladigan yangi issiqxonalar tashkil etish taqiqlanadi.
1-avgustdan boshlab sanab o‘tilgan joylarda faoliyat yuritayotgan issiqxonalarga tabiiy gaz ta’minoti to‘xtatiladi. Ulardan suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq sanoat korxonalari uchun belgilangan eng yuqori tarifning 5 baravari miqdorida undiriladi.
Shuningdek, ushbu sanadan boshlab ko‘mir, mazut, bitum, rezina, shina, sintetik karton va boshqalarni yoqadigan issiqxonalar uchun atrof-muhitni ifloslantirganlik uchun kompensatsiya to‘lovlari 20 baravarga oshiriladi. Ularga berilgan ekologik ekspertiza xulosalari qayta ko‘rib chiqiladi.
Poytaxt va uning atrofidagi issiqxonalar uchun ijtimoiy va moddiy yordam, shuningdek, subsidiya va imtiyozlar berishga cheklovlar joriy etiladi.
Ularga yangi kredit liniyalari ajratishni qisqartirish, joriy qarz limitlarini qayta ko‘rib chiqish bo‘yicha topshiriqlar berildi.
Qishloq xo‘jaligi ekinlari seleksiyasi, urug‘lik va ko‘chat yetishtirish, xorijiy navlarni mahalliy iqlimga moslashtirish maqsadida tashkil etiladigan ta’lim va ilmiy-tadqiqot tashkilotlari qoshidagi issiqxonalar bundan mustasno.
Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda Soliq qo‘mitasiga Toshkent shahri va Toshkent viloyatining unga yaqin tumanlaridagi issiqxonalar uchun yer va mol-mulk solig‘i stavkalarini kamida 10 baravar oshirishni nazarda tutuvchi qonun loyihasini ishlab chiqish topshirildi. 1-sentabrga qadar uni hukumatga ko‘rib chiqish uchun kiritish vazifasi qo‘yilmoqda.
Bundan tashqari, hujjatda issiqxonalarni Surxon-Agro zonasiga ko‘chirish uchun bir qator rag‘batlantiruvchi chora-tadbirlar nazarda tutilgan. Ularga avval ajratilgan maqsadli kreditlarni qaytarish muddati 5 yilga, imtiyozli davr esa 3 yilga uzaytiriladi.
2028-yil 1-aprelgacha ko‘chishga qaror qilgan issiqxona xo‘jaliklariga konstruksiyalarni buzib-yig‘ish, tashish va yangi joyga o‘rnatish xarajatlari qoplab beriladi. Kompensatsiyaning eng yuqori miqdori bir sotix yer uchun 500 ming so‘mni tashkil etadi.
Avvalroq O‘zbekistonda issiqxona sohasini rivojlantirish bo‘yicha loyiha ofisi tashkil etilayotgani haqida xabar berilgandi. U issiqxona xo‘jaliklari samaradorligini oshirish dasturini ishlab chiqishga mas‘ul bo‘ladi.