Dushanba kuni AQSH va Eron o‘rtasidagi muzokaralar yangi kelishuvsiz yakunlandi hamda prezident Donald Tramp Eron portlarini to‘sib qo‘yish niyatini e’lon qildi.

Shundan keyin Osiyoda energiya bozorlari qayta ishga tushishi bilan neft narxi yana bir barrel uchun $100 dan oshdi. Bu haqda BBC nashri xabar berdi.

Brent markali neft narxi 7,3% ga ko‘tarilib, $102,30ni , West Texas Intermediate nefti esa 8,7% ga oshib, $104,94ni tashkil qildi.

Dam olish kunlari bo‘lib o‘tgan muzokaralarning muvaffaqiyatsiz yakunlanishi jahon energetika inqirozi yanada chuqurlashishi mumkinligi haqidagi xavotirlarni kuchaytirdi.

O‘tgan chorshanba kuni Vashington va Tehron Ho‘rmuz bo‘g‘ozidagi asosiy savdo yo‘lini ochishni nazarda tutuvchi ikki haftalik shartli o‘t ochishni to‘xtatishga kelishib olganidan so‘ng, neft narxi 100 dollardan ancha pastga keskin tushib ketgan edi.

Jahon energiya ta’minotining beshdan bir qismi o‘tadigan ushbu bo‘g‘oz Tehronning AQSH-Isroil zarbalariga javoban undan foydalanishga uringan kemalarga hujum qilish bilan tahdid solganidan so‘ng Eron urushidagi asosiy ziddiyat nuqtasiga aylandi.

28-fevralda mojaro boshlanganidan beri kema qatnovi deyarli to‘xtatilgan, biroq Hindiston va Malayziya kabi ayrim davlatlar o‘z kemalari uchun xavfsiz o‘tishni ta’minlashga kelishib olgan.

Ushbu nosozliklar butun dunyo bo‘ylab energiya narxlarining keskin oshishiga olib keldi.

AQSH-Eron muzokaralari jarayoni Hurmuz bo‘g‘ozi orqali neft yetkazib berishdagi uzilishlarning tez orada yumshashi alomatlari kutilayotgani sababli diqqat bilan kuzatib borildi, dedi Singapurning Nanyang texnologiya universiteti iqtisodchisi Chua Yeou Xvi.

“Neft narxlari, ehtimol, yuqori darajada saqlanib qoladi, chunki endilikda kutilmalar blokadaning to‘liq amalga oshirilishi, kemachilikdagi uzilishlarning kengayishi va diplomatiyaning qayta tiklanishiga bog‘liq bo‘lib turibdi”, — dedi u.

Dushanba kungi ertalabki savdolar chog‘ida Osiyoning asosiy fond indekslari pasaydi. Yaponiyaning Nikkei 225 indeksi 1% ga, Janubiy Koreyaning Kospi indeksi esa 0,8% ga tushib ketdi.

Osiyo mamlakatlari Eron bilan urush oqibatlaridan ayniqsa qattiq jabr ko‘rdi, chunki ular asosan Yaqin Sharqdan yetkazib beriladigan neftga qaramdir.

AQSH aksiyalari fyucherslari ham savdolar ochilishida Uoll-strit kotirovkalarining pasayishidan darak berdi. Aksiya fyucherslari investorlar o‘rtasida kelajakda muayyan bir vaqtda belgilangan narxda aktivni sotib olish yoki sotish bo‘yicha tuzilgan kelishuv bo‘lib, bozor harakatining yo‘nalishini ko‘rsatishi mumkin.

So‘nggi haftalarda sarmoyadorlarning mojarolar rivojiga munosabat bildirishlari sababli butun dunyo bo‘ylab energiya manbalari narxlari va moliya bozorlarida sezilarli tebranishlar kuzatildi.

8-aprel kuni AQSH va Eron o‘rtasida ikki haftalik shartli sulh, jumladan, Ho‘rmuz bo‘g‘ozining qayta ochilishi bo‘yicha kelishuvga erishilgach, Brent markali neftning bir barrel narxi qariyb $90 gacha pasaydi.

O‘shandan beri sulhning uzoq davom etishiga shubhalar ortib, Isroilning Livanga zarbalari davom etayotgani bois narxlar beqarorligicha qolmoqda.


Avvalroq Spot O‘zbekistonda 2026-yil boshidan neft va gaz qazib olish keskin kamaygani haqida yozgandi.

Benzin ishlab chiqarish 8,6% ga oshdi, biroq 2024-yilgi darajadan pastligicha qolmoqda. Dizel va portlandsement ishlab chiqarish ham o‘sishni ko‘rsatdi.