Germaniyaning Premium Food Group tashkiloti o‘zbekistonlikni qassoblik bo‘yicha ishga taklif qilmoqda. Bu haqda Migratsiya agentligining Telegram’dagi “Xorijda ish” kanali xabar berdi.
Qayd etilishicha, Germaniya korxonalarida jami 300 ta ish o‘rni (Buxoro, Nukus va Termiz hududlari uchun 100 tadan) ajratilgan. Ishchilardan konveyerda ishlash, mahsulotlarni qadoqlash, tashish va uskunalarni nazorat qilish talab etiladi.
Ish vaqti haftasiga 39 soat, sinov muddati 6 oy, ish haqi esa taxminan 1700 yevroni tashkil qiladi. Tungi smenalar uchun esa (23:00 dan 06:00 gacha) 25% miqdorida ustama to‘lanadi.
Turar joy oyiga 310 yevroni tashkil qilib, ovqatlanish xarajatlari taxminan kunlik 4 yevroni tashkil etadi, aviabilet va viza xarajatlari nomzod hisobidan bo‘ladi, shuningdek hujjatlar tarjimasi, diplom nostrifikatsiyasi, sug‘urta va boshqa xarajatlar uchun 10 mln so‘m talab etiladi.
Dasturda ishtirok etish uchun nomzodlari quyidagi talablarga javob berish kerak:
- 18 yoshdan 40 yoshgacha bo‘lgan erkaklar;
- oliy yoki o‘rta maxsus ma’lumot to‘g‘risidagi diplom;
- ish tajribasi: oliy ma’lumotlilar uchun kamida 2 yil, kasb-hunar diplomi egalari uchun 5 yillik tasdiqlangan (Yagona portal orqali) ish staji.
Ulardan til sertifikati talab etilmaydi, biroq nomzodlar nemis tilini muloqot darajasida bilishi va maxsus kasbga yo‘naltirilgan 4 oylik bepul kurslarda o‘qishi shart.
Nomzodlar 25-aprelgacha havola orqali ro‘yxatdan o‘tishlari kerak.
Batafsil ma’lumot uchun 1282 qisqa raqami yoki 71 202−33−55 (ichki raqam 502) telefoniga qo‘ng‘iroq qilish mumkin.
Avvalroq Spot joriy yilda 3000 nafar qashqadaryolik yoshlar Germaniyaga ishga yuborilishi haqida yozgandi.
2027-yilda esa 5000 nafar yoshni Germaniyaga ishga yuborish, ularni o‘qitish uchun Qarshi shahrida Taʼlim va texnologiyalar markazini ochish rejalashtirilgan.