Prezidentning o‘tgan yilning noyabrida qabul qilingan tegishli qarori bilan 2024-yilning 1-iyulidan to‘lov tizimi operatorlari va to‘lov tashkilotlari faqat aksiyadorlik jamiyati shaklida faoliyat yuritishi mumkin.

“Humo” va “Uzcard” to‘lov tizimlarini aksiyadorlik jamiyati sifatida qayta tashkil etish ishlari boshlangan. Bu haqda Markaziy bank raisi Mamarizo Nurmuratov 25-aprel kuni o‘tkazilgan matbuot anjumanida ma’lum qildi.

“Albatta, bu e’lon qilinib, ma’lum bir davrdan keyin — yig‘ilishlar o‘tgandan keyin qaror qabul qilinadi. 1-iyulgacha aksiyadorlik jamiyatiga aylantirilmasa, agar sanksiya qo‘llab ularning faoliyatini to‘xtatadigan bo‘lsak, bu yomon ahvolga olib keladi”, — dedi regulyator raisi.

Mamarizo Nurmuratov bu borada ikkala to‘lov operatorlari bilan ham ishlar olib borilayotganini qayd etdi.

Uning ta’kidlashicha, “Humo” va “Uzcard” bu jarayonni cho‘zmasdan, ertaroq yakunlash bo‘yicha ishlarini qilishlari kerak. Agar aksiyadorlik jamiyatiga aylantirilmasa, ularga nisbatan choralar qo‘llash “nozik” masala ekani qayd etildi.

“Biz to‘lov tashkilotlari, banklar bo‘yicha operatsiyalarni to‘xtatib qo‘ymoqdamiz (talablarni bajarmaganlik uchun -„Spot“ izohi). Lekin bu ikkisida [bu masala] juda nozik. Chunki butun naqd pulsiz to‘lov tizimimiz, kartalar bilan hisob-kitob tizimimiz ular ["Humo” va “Uzcard"] bilan bog‘langan. Shuning uchun biz tomondan sanksiyalar qo‘llaniladigan darajaga kelib qolmasligi uchun bevosita ular bilan ishlayapmiz”, — deya xulosa qildi u.

Yuqoridagi qaror bilan to‘lov tizimi operatorlari va to‘lov tashkilotlari ustav kapitaliga qo‘yiladigan yangi talablar belgilangan. 1-iyuldan to‘lov tizimi operatorlarining ustav kapitali 50 mlrd so‘m, to‘lov tashkilotlariniki esa 10 mlrd so‘mni tashkil et. 2025-yilning 1-iyulidan boshlab 20 mlrd so‘mga oshiriladi.

Shuningdek, “Humo” ustav kapitalidagi davlat ulushi to‘liq Davlat aktivlarini boshqarish agentligiga o‘tkaziladi. Davaktiv “Humo” ulushini agentlikka o‘tkazish xususiylashtirish bilan bog‘liq emasligini qayd etgandi.

Fevral oyi boshida “Click” to‘lov tashkiloti aksiyadorlik jamiyati sifatida qayta tashkil etilishi va bunga “KAP DEPO” investitsiya kompaniyasi yordam berishi ma’lum bo‘ldi.

Undan keyin “Oson” to‘lov tizimi operatori aksiyadorlik jamiyatiga aylantirildi. Shuningdek, kompaniya yangi talablarga muvofiq ustav kapitalini 13 mlrd so‘mga oshirdi.