“Click” to‘lov tashkiloti aksiyadorlik jamiyati sifatida qayta tashkil etiladi. Bu haqda “Kap Depo” investitsiya kompaniyasi xabar berdi.

Tomonlar “Click"ni mas’uliyati cheklangan jamiyatdan (MChJ) aksiyadorlik jamiyatiga (AJ) aylantirish yo‘li bilan qayta tashkil etish bo‘yicha shartnoma tuzgan.

“„KAP DEPO“ to‘lov tashkilotiga mazkur transformatsiya jarayonini amalga oshirishda har tomonlama yordam beradi”, — deyiladi xabarda.

Bunday qarorga kelishga to‘lov tizimi operatorlari va to‘lov tashkilotlariga qo‘yiladigan yangi talablar sabab bo‘lgan.

Prezidentning 2023-yilning 30-noyabridagi tegishli qarori bilan 1-iyuldan to‘lov tizimi operatorlari va to‘lov tashkilotlari faqat aksiyadorlik jamiyati shaklida faoliyat yuritishi mumkin.

Xuddi shu qarorda mazkur kompaniyalarning ustav kapitaliga qo‘yiladigan yangi talablar belgilab berilgan. To‘lov tizimi operatorlarining ustav kapitali 50 mlrd so‘m, to‘lov tashkilotlariniki esa 10 mlrd so‘mni tashkil etadi. 2025-yilning 1-iyulidan boshlab 20 mlrd so‘mga oshiriladi.

Hujjat bilan Markaziy bankka bank kartalari, bank hisobvaraqlari va mobil ilovalardagi hisobvaraqlardan foydalanishni uch kungacha muddatga vaqtincha cheklash to‘g‘risida majburiy ko‘rsatmalar berish vakolati berilgan.

Bunda majburiy ko‘rsatmalar tijorat banklari, to‘lov tizimi operatorlari va to‘lov tashkilotlariga bank kartalari bilan bog‘liq shubhali (frod) operatsiyalar sodir etilganda beriladi.

Avvalroq “Uzcard” va “HUMO” terminallarini integratsiyalash mart oxirigacha yakunlanishi rejalashtirilgani haqida xabar berilgandi.