2-may kuni uchinchi Toshkent xalqaro investitsiya forumi doirasida “Cross Works” kompaniyasi asoschisi va boshqaruvchi direktori Hakan Agja “Yangi Toshkent” bosh rejasini taqdim etdi.

Britaniya kompaniyasi tomonidan ishlab chiqilgan bosh rejaga ko‘ra, 2050-yilga borib Toshkent aholisi 5 mlndan oshadi, shundan Yangi Toshkent aholisi 1 mln nafarni tashkil etadi. Metropolitenni shimoliy qismdan janubga qarab bir necha bosqichda rivojlantirish rejalashtirilgan.

“Biz sun’iy yo‘ldosh shahrini yaratmoqchi emasmiz. Ishonchimiz komilki, Yangi Toshkent transport, infratuzilma va kommunal xo‘jalik nuqtayi nazaridan integratsiyalashgan bo‘ladi”, — dedi u.

Yangi Toshkentdagi asosiy ko‘chalar chorrahalarida O‘zbekistonning barcha viloyatlari nomlari aks ettiriladi, “bu eski shaharlarning madaniy merosini yangi shaharga olib keladi”, deya ta’kidladi Hakan Agja.

Poytaxtning 13-mavzesi shimoliy qismidagi 6106 gektar maydondagi birinchi uchastkada qurilishning dastlabki bosqichi amalga oshirilmoqda. Hududning yarmi ochiq yashil maydonlar, infratuzilma va kommunal xizmatlar uchun, qolgan qismi esa taklif etilayotgan biznes loyihalari uchun ajratilishi kutilmoqda. Birinchi uchastkaning aholisi 600 ming kishidan oshadi.

Binolarning umumiy maydoni (GFA) 38,93 mln kvadrat metrni tashkil qiladi. bunda turar-joy binolari hududning yarmida joylashgan. Hududning chorak qismidan bir oz ko‘prog‘ini tijorat binolari, 17%ini jamoat binolari, 3%ini esa madaniyat va davlat muassasalari egallaydi.

“Kelajakda davlat idoralari Toshkentdan Yangi Toshkentga ko‘chiriladi, ammo bu ertangi kun masalasi emas. Bu Yangi Toshkentning o‘sishi uchun katalizatorlardan biri bo‘ladi”, — dedi “Cross Works” kompaniyasi vakili.

Hakan Agja, birinchi qismning markazida davlat muassasalari joylashgan cheksizlik maydoni (Infinity Square) bo‘lishini va biroz orqada diqqatga sazovor joy sifatida osmono‘par bino qurilishini aytdi.

Bundan tashqari, qirg‘oq, “Carsi” markaziy oroli, egizak minoralar (Twin Towers), Toshkent ramzi va “Yangi Toshkent” jamoat markazi hamda piyodalar uchun “Silk City” shaharchasi qurilishi rejalashtirilgan.

Mart oyida Yangi Toshkent loyihasi direksiyasi bo‘lim boshlig‘i Saidazim Sharipov “O‘zbekiston 24” telekanaliga bergan intervyusida yangi hududning asosiy infratuzilmasi shahar ostida joylashishini, u yerda avtomobillar ham harakatlanishini aytgandi.

Bu esa tarmoqdagi yukni kamaytiradi va odamlar uchun barcha harakatlar yerdan yuqorida bo‘ladi. Shunigdek, 100 ming avtomobilga mo‘ljallangan yer osti avtoturargohi quriladi.

“Yangi Toshkent” bir nechta ixtisoslashtirilgan bo‘limlarga bo‘linadi: ma’muriy, biznes, sog‘liqni saqlash, innovatsion, rekreatsion, aeroport va boshqalar. Chirchiq va Qorasuv daryolari bo‘ylab 7ta joy, Toshkent bilan bog‘lovchi ikkita yerosti metro liniyasi quriladi.

Yangi Toshkent loyihasi

O‘tgan yilning mart oyida Shavkat Mirziyoyev Yangi Toshkent qurilishiga tamal toshi qo‘ydi. Birinchi bosqichda 6 ming gektarda bunyodkorlik qilish rejalashtirilgan. Yangi Toshkent konsepsiyasi va bosh rejasini ishlab chiqish 4 bosqichda amalga oshiriladi.

Tuman administratsiya, iqtisodiyot, ta’lim, sog‘liqni saqlash va madaniyat kabi 5ta negiz asosida quriladi. 2023-yilning iyul oyida Yangi Toshkent shahrini barpo etish chora-tadbirlari bo‘yicha prezident qarori qabul qilindi.

Yuqori Chirchiq tumanidan 17,3 ming gektar va O‘rta Chirchiq tumanidan esa 2,4 ming gektar yer ajratiladi. Bunda, Yuqori Chirchiq tumanidagi 33ta mahalla (20tasi to‘liq, 13tasi qisman) va O‘rta Chirchiq tumanidagi 7ta mahalla (4tasi to‘liq, 3tasi qisman) poytaxt tarkibidagi Yangi Toshkentga o‘tkaziladi.

Joriy yilning mart oyida viloyatdagi qariyb 20 ming gektar yer maydoni Yangi Toshkentga o‘tkazilishi ma’qullandi. Aprelga kelib, dastlabki binolar qurilishi boshlandi. Birinchi bosqichda ikkita OTM kampuslari, kutubxona, teatr, muzey hamda ijod maktablari barpo etiladi.

Avvalroq Toshkent viloyatidan 20 mingga yaqin binolar Yangi Toshkent hududiga o‘tkazilayotgani ma’lum bo‘lgandi.