Tungi klublarda katta miqdorda soliqlardan qochish kuzatilmoqda, xabar beradi Davlat soliq qo’mitasining matbuot xizmati.

Tungi klublarning hammasi yagona soliq to‘lovchisi bo‘lib, 2018 yilning I yarim yilligida byudjetga 1,3 mlrd.so‘m yoki oyiga o‘rtacha 226 mln so‘mdan soliq to‘lagan.

Bu ko‘pmi yoki kammi?

Xronometraj natijalari kechdan tonggacha ishlayotgan bunday subyektlarda eng kam hisobda tushumlarini o‘rtacha 4 barobargacha yashirilayotganligini ko‘rsatmoqda. Agar bu raqamlarni 6 oyga ko‘paytiradigan bo‘lsak, xaqiqiy tushum 54,2 mlrd so‘mni tashkil etadi.

Lekin, korxonalar tomonidan hisobotlarida jami tovaraylanma summasi 13,6 mlrd so‘mni tashkil etganligi ko‘rsatilib, oradagi farq summasi 40,6 mlrd so‘mdan iborat. Bu 4,1 mlrd.so‘m soliqlar byudjetga to‘lanmadi degani.

Shuningdek, o‘rganishlar jarayonida har bir tunggi maskanlarda mijoz tomonidan bir dona stolni band qilish uchun norasmiy majburiy buyurtma (obyazalovka) mavjudligi aniqlangan. Ushbu yo‘nalish bo‘yicha olib borilgan hisob-kitoblarga ko‘ra, o‘rtacha bir kishi bitta stolni band qilishi uchun 137,4 ming so‘mdan to‘lovlarni amalga oshirishi lozim.

O‘rindiqlar soni o‘rtacha 50 tadan hisoblanganda bir kunda 254,2 mln.so‘m va bir oy davomida shunday faoliyat amalga oshirilsa 7,6 mlrd.so‘m, 6 oy davomida esa 45,7 mlrd.so‘mni tashkil etadi. Bu yana 4,5 mlrd.so‘m soliq degani.

Hisobotlarida ishlayotgan xodimlarini 10−11 nafardan ko‘rsatgan bo‘lsalar, xaqiqatda 20−25 tagacha yoki 2 barobarga yashirilmoqda va ularga ham konvertda berilayotgan ish haqiga daromad solig‘i hisoblanadigan bo‘lsa, bu ham o‘rtacha 250 mln.so‘mga yaqin soliq summalari degani.

Bugungi kunda soliq organlariga berilgan qo‘shimcha vakolatlar, zamonaviy axborot texnologiyalari bunday subyektlarni nazoratga olish va to‘liq soliqqa tortish imkoniyatini kafolatlaydi.

Davlat soliq xizmati organlari tomonidan barcha subyektlarga nisbatan ogohlantirish xatlari yuborilib, nazorat tadbirlari davom ettiriladi.