Bankrotga uchragan “UzDEU Avto-Ufa” MCHJ dilerlik korxonasining arbitraj boshqaruvchisi kompaniya sobiq rahbariyatini subsidiar javobgarlikka tortishni talab qildi.

Unga ko‘ra, uchta kompaniya va besh nafar menejer 778,2 mln rubl ($10 mln.dan ziyod) to‘lashi lozim. Bu haqda “Realnoye Vremya” nashri yozadi.

Bankrotlik haqidagi ma’lumotlar reyestrida chop etilgan arizadan rahbariyatning xatti-harakatlarini qasddan bankrotlik deb baholash mumkinligi anglashiladi.

Qayd etilishicha, bosh kompaniyalar “UzDEU Avto-Ufa'ni ulardan likvidligi past bo‘lgan avtomobillarni xarid qilish uchun kreditlar olishga majbur qilganlar.

Bundan tashqari, rahbariyat 108 mln rubl (taxminan $1,5 mln) miqdoridagi qarzlarni undirish choralarini ko‘rmagan.

Boshqaruvchining fikriga ko‘ra, O‘zbekistonning “Avtosanoat Invest” MCHJ, “Jeneral Motors Uzbekistan” AJ va “O‘zavtosanoat” AK kompaniyalaridan qariyb 778,2 mln rubl ($10 mln.dan ziyod) undirilishi lozim.

Shuningdek, bankrotlikda Yuriy Kan, Farhod Abdullayev, Qanot Xudoyberganov, Yorqin Shovkatov va Rustam Raximjonov aybdor deb atalmoqda.

“UzDEU Avto-Ufa” bankrotligi 2017 yil avgustda e’lon qilingandi. Boshqirdiston Arbitraji kompaniyani o‘tgan yil noyabrida bankrot deb topgan.