Qimmatbaho tangalar muomalaga chiqariladi. Bu haqda Markaziy bank Boshqaruvining qarorida keltirilgan.

Markaziy bank tomonidan yubiley sanalari, shuningdek tarixiy va zamonaviy davrning muhim voqealariga bag‘ishlangan qimmatbaho metallardan tayyorlangan tangalar muomalaga chiqariladi.

Ular respublika hududida nominal qiymati bo‘yicha qonuniy to‘lov vositasi, shuningdek nominal qiymatidan yuqori baholanuvchi kolleksiya, investitsiya va jamg‘arish obyektlari sifatida muomalada bo‘lishi mumkin.

Tangalarni sotish va qaytarib xarid qilib olish Markaziy bankning hududiy bosh boshqarmalari va tijorat banklari orqali amalga oshiriladi.

Tangalarni sotib olish

Tangalarning sotish narxi har haftada kamida 1 marta, milliy valyutada belgilanadi va MB saytida e’lon qilinadi. Tangalarni sotib olish uchun quyidagicha haq to‘lash zarur:

  • jismoniy shaxslar uchun — naqd va naqd pulsiz hisob-kitob shaklida;
  • yuridik shaxslar uchun — pul mablag‘larini o‘tkazish yo‘li bilan.


Tanganing qiymati qimmatbaho metall bahosidan kelib chiqib belgilanadi. Baholash London qimmatbaho metallar assotsiatsiyasining ertalabki fiksing narxi va so‘mning AQSH dollariga nisbatan kursiga muvofiq hisob-kitoblar asosida amalga oshiriladi hamda MB saytida e’lon qilinadi.

Hisob-kitob qilish tartibi ilovada ko‘rsatilgan.

Tangalar identifikatsiya seriya raqamiga ega bo‘lgan asillik sertifikati bilan birga muomalaga chiqariladi.