Birlashgan Arab Amirliklarining Warehouse of Games kompaniyasi Toshkentning Yakkasaroy tumanida bolalar uchun ta’lim, sport va ko‘ngilochar o‘yingoh markazi qurish loyihasini amalga oshiradi. Bu haqda Toshkent shahar hokimligi matbuot xizmati xabar berdi.

Xabarga ko‘ra, Toshkent shahar hokimligida bo‘lib o‘tgan muzokaralarda investorlar loyihaga 4 mln AQSH dollari miqdorida sarmoya kiritish istagini bildirdi.

Bolalar o‘yingohi 0,2 gektar maydonni o‘z ichiga olib, 2 yoshdan 14 yoshgacha bo‘lgan bolalarning rivojlanish va madaniy hordiq chiqarishiga xizmat qiladi.

Loyiha 35 ta doimiy ish o‘rni yaratish imkonini beradi.

Ta’lim va sog‘lomlashtirish markazi 2019 yil yakunida foydalanishga topshirish ko‘zda tutilgan.