15 sentyabrdan boshlab non erkin bozor narxi bo‘yicha sotiladi. Bu haqda Vazirlar Mahkamasining “Mamlakatimiz aholisini va iqtisodiyot tarmoqlarini raqobat va bozor mexanizmlarini joriy etish asosida don, un va non bilan ishonchli ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qarorida keltirilgan.

Qarorga ko‘ra, 2018 yil 15 sentyabrdan boshlab:

  • 1 kg 1-nav bug‘doy uni uchun ulgurji sotish narxini 1400 so‘m miqdorida belgilash (1 noyabrgacha buni ham bekor qilish);
  • Qolipli nonni talab va taklif asosida shakllantiriladigan erkin bozor narxi bo‘yicha sotish;
  • “O‘zdonmahsulot” AK korxonalari tomonidan spirt ishlab chiqaruvchilar va chorvachilik (parrandachilik, baliqchilik) korxonalariga don, shuningdek, oliy navli bug‘doy unini birja savdolari orqali cheklovlarsiz sotish tartibi joriy etilmoqda.

Pul kompensatsiyasi

2018 yil 1 oktyabrdan boshlab:

14 yoshgacha farzandlari bo‘lgan oilalarga bolalar sonidan kelib chiqqan holda fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari tomonidan belgilanadigan nafaqa eng kam oylik ish haqiga nisbatan quyidagi miqdorda to‘lanadi:

  • bir nafar farzandi bo‘lgan oilaga — 60 foiz;
  • ikki nafar farzandi bo‘lgan oilaga — 100 foiz;
  • uch va undan ko‘p farzandi bo‘lgan oilaga — 140 foiz;

Pul kompensatsiyasi O‘zbekiston Respublikasi davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan to‘lanadi.

Shuningdek, zaruratga ko‘ra, bozorda don va un narxlari keskin o‘zgarishining oldini olish maqsadida iste’molchilarga sotish uchun davlat zaxirasidan don chiqarish ta’minlanadi.