Elektr energiyasi uchun yangi tariflar belgilanadi

1-maydan iste’molchilar elektr energiyasi va tabiiy gaz uchun ijtimoiy norma asosida tabaqalashtirilgan tartibda haq to‘lashni boshlashadi.

Yirik sanoat va budjet tashkilotlari (I guruh), shuningdek, turli yuridik shaxslar (II va IV guruhlar) uchun elektr energiyasi tariflari 1 kVt/soat uchun 1000 va 900 so‘mdan qoldirilmoqda. Aholi uchun esa narxlar oshiriladi.

Iste’molchilarning III guruhi, jumladan markazlashgan holda elektr plitalar bilan jihozlangan ko‘p qavatli uy-joylar va yotoqxonalarda yashovchi maishiy iste’molchilar uchun 1 oydagi iste’moldan kelib chiqib quyidagicha belgilanmoqda:

  • oyiga 200 kVt/soatgacha bo‘lgan qismiga — 225 so‘m;
  • 200 kVt/soatdan 1000 kVt/soatgacha — 450 so‘m;
  • 1000 kVt/soatdan 5000 kVt/soatgacha — 675 so‘m;
  • 5000 kVt/soatdan 10 000 kVt/soatgacha — 787,5 so‘m;
  • 10 000 kVt/soat va undan yuqori — 900 so‘mdan.

Qolgan maishiy iste’molchilar ya’ni aholi uchun esa narxlar bir oydagi iste’moldan kelib chiqib quyidagicha belgilanadi:

  • oyiga 200 kVt/soatgacha — 450 so‘m;
  • 201 kVt/soatdan 1000 kVt/soatgacha — 900 so‘m;
  • 1000 kVt/soatdan 5000 kVt/soatgacha — 1350 so‘m;
  • 5000 kVt/soatdan 10 000 kVt/soatgacha — 1575 so‘m;
  • 10 000 kVt/soat va undan ortiq har bir kVt/soat uchun — 1800 so‘m.


Tabiiy gaz uchun narxlar oshiriladi

Sanoat korxonalari (NKMK, AGMK, O‘zmetkombinat va boshqalar) va budjet tashkilotlari, shuningdek, ulgurji iste’molchilar uchun tabiiy gaz narxi o‘zgarishsiz qoldi — 1 kubometr uchun 1800 va 1500 so‘m.

Kommunal-maishiy ehtiyojlar uchun aholiga mavsumga qarab narx belgilanmoqda. Noyabrdan fevralgacha, isitish mavsumida aholiga yetkazib beriladigan tabiiy gazning bir kubometr narxi quyidagicha belgilandi:

  • 500 kub metrgacha iste’mol uchun 380 so‘mdan 650 so‘mgacha;
  • 500dan 2500 kub metrgacha 1500 so‘mdan;
  • 2 500dan 5 ming kub metrgacha 1950 so‘mdan;
  • 5 mingdan 10 ming kub metrgacha 2275 so‘mdan;
  • 10 ming kub metrdan yuqori iste’mol uchun 2 600 so‘m.

Mart-oktabr oylarida gaz iste’moli uchun tariflar quyidagicha beligilandi:

  • 100 kub metrgacha — 650 so‘m;
  • 101 kub metrdan 2500 kub metrgacha — 1500 so‘m;
  • 2500 kub metrdan 5000 kub metrgacha 1950 so‘m;
  • 5 ming kub metrdan 10 ming kub metrgacha — 2275 so‘m;
  • 10 ming kub metrdan va undan yuqori iste’mol uchun — 2600 so‘mdan.

Shuningdek, aholi uchun suyultirilgan gaz tarifi 1 kg uchun 1120 so‘mdan 1600 so‘mga oshadi.


Yolg‘iz keksalarga moddiy yordam beriladi

“Inson” markazi tomonidan o‘zgalar parvarishiga muhtoj yolg‘iz yashovchi hamda yolg‘iz keksalar va nogironligi bo‘lganlarning reyestri yuritiladi.

1-maydan mazkur reyestrga kiritilganlarga har oylik uy-joy kommunal xizmatlar haqini to‘lash bo‘yicha kompensatsiya hamda oziq-ovqat mahsulotlari va shaxsiy gigiyena tovarlari uchun har oyda qo‘shimcha pul to‘lovlari o‘rniga yolg‘iz keksalar va nogironligi bo‘lganlarga har oyda minimal iste’mol xarajatlari miqdorida moddiy yordam joriy etiladi.

Yolg‘iz keksalar va nogironligi bo‘lganlarning yo‘qotilgan biometrik pasportlari ular reyestrga kiritilgunigacha “Inson” markazi buyurtmasi asosida davlat boji undirilmagan holda almashtirib beriladi.


Davlat tomonidan ajratiladigan protez vositalarining turlari kengaytiriladi

1-maygacha davlat tomonidan kafolatlangan tarzda ta’minlanadigan protez-ortopediya moslamalari va reabilitatsiya qilishning texnik vositalari turlari 18tadan 30taga kengaytirilishi belgilangan.

Maydan boshlab mazkur vositalar xaridi uchun davlat tomonidan muhtoj shaxslarga qoplab beriladigan mablag‘lar miqdorini bozor konyunkturasidan kelib chiqib, o‘rtacha 3 baravargacha, ayrim vositalarning turlari esa 10 baravargacha oshiriladi.

Nogironligi bo‘lganlarning yuqoridagi vositalarga muhtojligi alohida tibbiy xulosa rasmiylashtirmasdan nogironlik to‘g‘risidagi ma’lumotnoma asosida belgilanadi.

Nogironlik guruhiga ega bo‘lmagan pensiya yoshidagilarning protez moslamalari va reabilitatsiya vositalariga muhtojligi to‘g‘risidagi tibbiy xulosa “Tibbiy-ijtimoiy ekspertiza” tizimida rasmiylashtiriladi.

1-maygacha Toshkent shahri va Samarqand viloyatida muhtoj insonlarni protez moslamalari va reabilitatsiya vositalari bilan vaucher asosida ta’minlash tartibi joriy etiladi.


Daryo o‘zanlarida noruda materiallarni qazib olishga muddatsiz moratoriy joriy etiladi

Sirdaryo daryosi o‘zanidagi noruda materiallarni qazib olishga muddatsiz moratoriy joriy qilinadi. Noqonuniy qazib olish ishlari natijasida tabiatga yetkazilgan zarar uchun javobgarlik kuchaytiriladi.

Sirdaryo daryosining yuvilgan qirg‘oqlari mustahkamlanadi, qirg‘oq bo‘yi mintaqasidagi buzilgan yerlarning tabiiy holati qayta tiklanib, reabilitatsiya qilinadi

Bundan tashqari, may oyidan Chirchiq, Sangzor, Zarafshon, Norin, Qashqadaryo va Surxondaryo daryolari o‘zanlaridagi noruda materiallarni qazib olishga muddatsiz moratoriy joriy qilinishi belgilangan.

Hukumat tomonidan moratoriy tatbiq etiladigan hududlar chegaralari belgilanadi. Daryo o‘zanlari, sohil bo‘yi mintaqalari va suvni muhofaza qilish zonalaridan qum-shag‘al materiallari qazib olish huquqi faqat “E-auksion” orqali beriladi.


“Afrosiyob” tezyurar poyezdlarida chiptalar narxi oshiriladi

“O‘zbekiston temir yo‘llari” “Afrosiyob” tezyurar poyezdlari chiptalari narxini olti oy ichida ikkinchi marta oshirmoqda.

15-maydan Buxoro, Samarqand va Qarshi shaharlariga ekonom-klassda sayohat narxi 20%ga, biznes-klassda 30%ga, VIPda esa 40%ga oshiriladi.

“Afrosiyob” tezyurar poyezdlariga chiptalar narxi:

Yo‘nalishlar
Ekonom-klass
Biznes-klass
VIP
Toshkent -Buxoro
403 ming so‘m
600 ming so‘m
890 ming so‘m
Toshkent -Qarshi
338 ming so‘m
507 ming so‘m
747 ming so‘m
Toshkent -Samarqand
244 ming so‘m
358 ming so‘m
554 ming so‘m

Surxondaryoda yangi mehmonxona qurishga subsidiyalar beriladi

1-maydan 2026-yilning yakunigacha viloyatda investorlar tomonidan yangi mehmonxona qurish va uni jihozlash xarajatlarining bir qismini qoplashga bir martalik subsidiya ajratiladi.

Subsidiyalar toifasiz mehmonxonadagi har bir xona uchun 15 mln so‘mni, 1 yulduzli mehmonxona uchun 20 mln so‘mni, 2 yulduzli mehmonxona uchun esa 25 mln so‘mni tashkil etadi.

Shuningdek, 3, 4 yoki 5 yulduzli toifaga ega mehmonxona uchun prezidentning tegishli qarorida belgilangan miqdorlarda beriladi.

To‘lovlarni qabul qilish uchun mehmonxonani kamida ikki qavatli qilib qurish kerak. Subsidiya soliq va yig‘imlar bo‘yicha qarzdorligi bo‘lmagan, bankrotlik va tugatish jarayonidan tashqari investorlarga taqdim etiladi.


Yangi majburiy to‘lovlar va yig‘imlar faqat qonunda belgilanadi

Joriy yilgi davlat dasturi bilan, fuqarolar va tadbirkorlar uchun yangi majburiy to‘lovlar va yig‘imlarni faqatgina qonunda belgilash amaliyoti kiritiladi.


Xorijda tashkil etilgan markaz va kafedralar o‘quv qo‘llanmalari bilan ta’minlanadi

Xorijiy ta’lim va ilmiy tashkilotlarda Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetining markazlarini, “Ipak yo‘li” turizm va madaniy meros xalqaro universitetining “O‘zbekshunoslik” (“Uzbek Studies”) kafedralarini tashkil etish belgilangan.

Bu markazlar va kafedralar zarur o‘quv qo‘llanma va darsliklar, audio va videomateriallar bilan quyidagi miqdorlarda ta’minlanadi:

  • o‘zbek tilini o‘rganish uchun — 200ta;
  • o‘zbek adabiyotini o‘rganish uchun — 100ta;
  • O‘zbekiston madaniyatini o‘rganish uchun — 100ta;
  • O‘zbekiston tarixini o‘rganish uchun — 100ta;
  • madaniy meros va turizmni o‘rganish uchun — 20ta.

Zilzila xavfi va prognoziga oid xulosalar oyma-oy hokimliklarga kiritiladi

Bino va inshootlarning zilzilabardoshligini oshirish hamda seysmik xavfni monitoring qilish faoliyatini yaxshilashga qaratilgan prezident qarori qabul qilingan.

Hujjat bilan, zilzila xavfi va prognoziga oid xulosalar har oyda hokimliklarga kiritib boriladi. Zilzila muhandisligi olimlari assotsiatsiyasini tashkil etiladi.


Baliq ovlash taqiqlanadi

O‘zbekistonning tabiiy suv havzalarida sport-ishqibozlik turida hamda sanoat usulida baliq ovlash tartibi belgilangan.

Baliqlarning urchish davrida, Qoraqalpog‘iston va Xorazmdagi tabiiy suv havzalarida 26-apreldan 10-iyungacha va boshqa barcha tabiiy suv havzalarida 16-apreldan 31-maygacha baliq ovlash taqiqlanadi.


Sud hujjatlari asosida ijro hujjatlarini elektron berish joriy etiladi

Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish tizimini isloh etishga qaratilgan prezident farmoni bilan 1-maydan sud hujjatlari asosida ijro hujjatlarini elektron shaklda berish (yuborish, taqdim etish) tartibi joriy etiladi.

Fuqarolardan qarzdorliklari uchun undiruv qaratilishi mumkin bo‘lmagan eng kam kafolatlangan daromad belgilanadi. Ijro ishini yuritishning soddalashtirilgan tartibi pochta xarajatlari bo‘yicha qarzdorlikni undirishga ham tatbiq etiladi.


“Uzum Market” sotuvchilar uchun komissiyalarni hisoblash mexanikasini o‘zgartiradi

“Uzum Market” marketpleysi sotuvchilari uchun komissiya miqdori avvalgidek tovar qiymatiga emas, balki uning toifasiga bog‘liq bo‘ladi. Platformaning komissiya miqdori tovarlar toifasiga qarab 3% dan 35% gacha bo‘ladi.