18-aprel kuni hukumatning Surxondaryo viloyatida yangi mehmonxona qurish va uni jihozlashni rag‘batlantirishga qaratilgan tegishli qarori qabul qilindi.

Hujjat bilan, joriy yilning 1-mayidan 2026-yil yakunigacha viloyatda investorlar tomonidan yangi mehmonxona qurish va uni jihozlash xarajatlarining bir qismini qoplashga bir martalik subsidiya ajratiladi. Prezident bu haqda o‘tgan yilning noyabr oyida viloyatga safari chog‘ida ma’lum qilgandi.

Subsidiyalar toifasiz mehmonxonadagi har bir xona uchun 15 mln so‘mni, 1 yulduzli mehmonxona uchun 20 mln so‘mni, 2 yulduzli mehmonxona uchun esa 25 mln so‘mni tashkil etadi.

Shuningdek, 3, 4 yoki 5 yulduzli toifaga ega mehmonxona uchun prezidentning tegishli qarorida belgilangan miqdorlarda beriladi.

To‘lovlarni qabul qilish uchun mehmonxonani kamida ikki qavatli qilib qurish kerak. Subsidiya soliq va yig‘imlar bo‘yicha qarzdorligi bo‘lmagan, bankrotlik va tugatish jarayonidan tashqari investorlarga taqdim etiladi.

Hujjat bilan investorlarga subsidiya ajratish tartibi to‘g‘risidagi vaqtinchalik nizom tasdiqlandi. Yagona portal orqali subsidiya olish uchun ariza topshirish mumkin bo‘ladi.

Arizalar Turizm qo‘mitasi tomonidan ko‘rib chiqilib, 10−20 ish kuni ichida obyektning mezonlarga muvofiqligi to‘g‘risida qaror qabul qilinadi.

Qaror ijobiy bo‘lsa, subsidiyani to‘lash to‘g‘risidagi buyruq Iqtisodiyot va moliya vazirligiga yuboriladi. Mablag‘lar 8 ish kuni ichida investorning bank hisob raqamiga tushadi.

Yil boshida sayyohlar uchun infratuzilma yaratishga $200 mln kredit ajratilishi ma’lum qilingandi. Xitoylik sayyohlarga qulaylik yaratish maqsadida mamlakatda “WeChat” va “AliPay” orqali to‘lovlarni yo‘lga qo‘yish rejalashtirilgan.