Maishiy texnikani bojsiz olib kirish 6 oyda 1 martagacha cheklab qo’yilishi mumkinligi haqidagi loyiha Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portaliga qo’yildi. Bu haqda Norma ma’lumot berdi.

O‘zbekiston Davlat chegarasining o‘tkazish punktlarida fuqarolar uchun tovarlarni bojsiz olib kirish normalari amal qilmoqda. Ular bilan jismoniy shaxslar tomonidan o‘z ehtiyojlari uchun olib o‘tiladigan tovarlar qiymati va miqdori cheklab qo‘yilgan.

Davlat bojxona qo‘mitasi tomonidan ishlab chiqilgan hujjat bilan avtoyo‘l (yo‘lovchi), temir yo‘l va daryo o‘tkazish punktlari orqali tovarlarni olib o‘tishda mazkur normalar qisman qisqartirildi.

Maishiy texnika va idish-tovoq

Hozir fuqarolar quyidagilarni O‘zbekistonga bepul olib kirishga haqli ekanliklari belgilangan:

  • avtoyo‘l (yo‘lovchi) o‘tkazish punktlari orqali — 1 oylik interval bilan umumiy summasi 300 AQSH dollarigacha bo‘lgan 1 tadan maishiy texnika va idish-tovoq to‘plami;
  • temir yo‘l va daryo o‘tkazish punktlari orqali — 1 oylik interval bilan umumiy summasi 1 000 AQSH dollarigacha bo‘lgan 1 tadan maishiy texnika va idish-tovoq to‘plami.

Ushbu vaqt intervalini 6 oygacha oshirish rejalashtirilmoqda. Natijada fuqarolar ushbu tovarlarni erkin tarzda ancha kam olib kira oladilar.

Boshqa tovarlar

Boshqa tovarlar uchun esa, alkogol, tamaki mahsulotlari, atir-upa va qimmatbaho buyumlardan tashqari, avtoyo‘l (yo‘lovchi), temir yo‘l va daryo o‘tkazish punktlarida hozir bojsiz olib kirishning juda imtiyozli normasi amal qilmoqda — sutkasiga har bir nomdagi tovardan 2 kg, ammo umumiy og‘irligi 10 kg dan oshmasligi kerak. Biroq bu yerda tovarlarning umumiy qiymatiga cheklovlar amal qiladi.

Loyiha qabul qilinsa, jismoniy shaxslar mazkur normadan foydalanib, tovarlarni har kuni olib kira olmaydilar. Interval 1 oyni tashkil etadi.