O‘zbekistonda pul almashmaydi va 100 ming so‘mlik banknotlar muomalaga chiqariladi. Bu haqda O‘zA ma’lumot berdi.

Xabarga ko‘ra, keyingi vaqtlarda odamlar orasida pul almashishi mumkinligi va inflyatsiyaning kuchayib borayotgani haqidagi mish-mishlar paydo bo‘ldi.

O‘zbekiston Markaziy banki hamda “Qishloqqurilishbank"ning qo‘shma anjumanida mutaxassislar ta’kidlashicha, pulning almashishiga sabab ham ehtimol ham yo‘q.

“Yo‘qsa, 100 ming so‘mlik banknotlar chiqarilarmidi? Yaqinda ana shunday summadagi pul muomalaga chiqariladi. To‘g‘ri, inflyatsiya o‘sishi mumkin. Chunki bankning qayta moliyalash stavkasining ikki foizga oshirilishi, o‘z-o‘zidan bozordagi narx-navoga ta’sir qiladi”, deyiladi xabarda.

Xabarda keltirilishicha, narxlarning o‘sish tendensiyasi e’lon qilinmoqda, unga ko‘ra joriy yilda ham inflyatsiyaning darajasi yuqori bo‘lishi kutilmoqda.

Shuningdek, ta’kidlanishicha, yaqin orada so‘mning qadri oshishi kutilmoqda. Xususan, yalpi ichki mahsulotga teng miqdorda mablag‘imiz bo‘lganda uning qadrsizlanishi to‘xtaydi. Yana investitsiya kiritish hajmining oshishi ham pul qadrini oshiradi.