13-iyun kuni Toshkent tumanlararo iqtisodiy sudida Octobank va Humans o‘rtasidagi iqtisodiy ish bo‘yicha hal qiluv qarori e’lon qilindi. Bu haqda Octobank matbuot xizmati xabar berdi.
Sud hujjatiga muvofiq, Humans kompaniyasining zimmasiga bank oldidagi qarzdorlikni qoplash majburiyati yuklatildi.
Octobank hal qiluv qarorini “o‘zining qonuniy huquqlarini himoya qilish yo‘lida muhim qadam”, deb biladi. Shuningdek, bank “barcha hamkorlar bilan shaffof, adolatli munosabatlarni davom ettirishga tayyorligini” bildirgan.
Shuningdek, bank 13-iyun soat 18:00 dan boshlab kliring va Humans (Visa) moliyaviy xizmati doirasida chiqarilgan kartalar bo‘yicha operatsiyalarni amalga oshirish to‘liq to‘xtatilganini ma’lum qildi. Qaror Humans tomonidan “shartlarning muntazam ravishda buzilishi va qabul qilingan shartnoma majburiyatlarining bajarilmasligi” ortidan qabul qilingan.
11-iyun kuni Octobank Toshkent tumanlararo iqtisodiy sudiga Humans’ga nisbatan da’vo arizasi bilan murojaat qilib, qarzdorlikni undirish va 500 mlrd so‘mdan ortiq zararni qoplashni so‘ragani ma’lum bo‘lgandi.
Qayd etilishicha, 2020-yildan beri tomonlar o‘rtasida moliyaviy xizmatni birgalikda amalga oshirish bo‘yicha kelishuv amal qilib kelgan bo‘lib, unda Octobank hamkor sifatida ishtirok etgan.
“Octobank shartnoma shartlarini lozim darajada bajarib kelgan, biroq Humans tomonidan amalga oshirilgan kliring operatsiyalari bo‘yicha qarzdorlik va ko‘rsatilgan xizmatlar uchun komissiya qoplanmasdan kelmoqda”, — deya izoh bergandi bank.
13-iyun kuni Humans Octobank da’vosi yuzasidan izoh berib, bu vaziyatni oddiy tijorat mojarosi emas, balki Octobank, Markaziy bank va boshqa bir qator bozor ishtirokchilari tomonidan “muvofiqlashtirilgan bosim” deb atadi.
Kompaniyaning ma’lum qilishicha, Octobank da’vo arizasini yil boshida kiritgan. Oradan shuncha vaqt o‘tgan bo‘lsa-da, qaror hali ham chiqarilmagan. 500 mlrd so‘mdan ortiq mablag‘ni to‘lash talabi esa tasdiqlanmasdan qolmoqda.
Shuningdek, Humans “shartnoma majburiyatlarini muntazam ravishda bajarmagani uchun” Octobankka qarshi da’vo tayyorlamoqda. Kompaniya o‘tgan yilning kuzida Octobank soxta hujjatlarga asoslangan 292,8 mlrd so‘mlik to‘lov talabnomasini qo‘yganini ma’lum qildi.
Humans “regulyator harakatsizligi va Octobank qoidabuzarliklari” faktlari bilan Bosh prokuraturaga ariza bermoqchi. Kompaniya Octobankdan Maroqanddan olingan 403,7 mlrd so‘mlik asossiz daromadni qaytarishni talab qilmoqda.
Bundan tashqari, Humans Markaziy bankka Cross Pay to‘lov tashkiloti orqali qimor o‘yinlari uchun to‘lovlar amalga oshirilganligi haqidagi faktlarni taqdim etganini ma’lum qildi. Shu sababli Maroqand faoliyati yarim yilga cheklangandi. Biroq, regulyator ularni e’tiborsiz qoldirib, hech qanday chora ko‘rmagan.
Yaqinda Humans Group xalqaro xoldingi tarkibiga kiruvchi va Humans’ning O‘zbekistondagi biznesiga egalik qiluvchi Singapurning Humans Mobile Ltd. kompaniyasi Jahon banki huzuridagi Investitsiya nizolarini hal qilish bo‘yicha xalqaro markazda (ICSID) O‘zbekistonga qarshi arbitraj jarayonini rasman boshladi. 30-maydagi tegishli da’vo arizasi (ICSID Case No. ARB/25/24) bazada ro‘yxatga olinib, “ko‘rib chiqilmoqda”. Javobgar — Adliya vazirligining O‘zbekiston manfaatlarini huquqiy himoya qilish boshqarmasi.
Avvalroq Raqobat qo‘mitasi Uzum Market murojaati bo‘yicha YandexGo UB’ga qarshi ish qo‘zg‘atgani haqida xabar berilgandi.