“ToshkentAvtosavdo” MCHJga amalga oshirilgan ko‘chma tekshiruv chog‘ida tizimli ravishda xato va kamchiliklarga yo‘l qo‘yilganligi aniqlandi va buning natijasida ushbu korxonaga yangi boshqaruv raisi Dilshodbek Bakiyev tayinlandi, deb yozadi “GM Uzbekistan” matbuot xizmati.

Xabarga ko’ra, dilerlik korxonasida mavjud hujjatlar o‘rganilganda 2018 yilning avgust-sentyabr oylarida sotilgan avtomobillar bo‘yicha tuzilgan noqonuniy hujjatlar mavjudligi, sotilgan avtomobillar bo‘yicha to‘lov rejasida qoidabuzarliklar, o‘tkazilayotgan aksiyalarning qoidalariga qat’iy amal qilinmaganlik, mijozlarga avtomobil xarid qilish bo‘yicha to‘g‘ri ma’lumot taqdim etilmaganlik hamda call-markaz mavjud emasligi kabi holatlar aniqlangan.

“Shuningdek, shartnomalarni rasmiylashtirishda bir qator qoidabuzarliklar, xususan, avtosalon muhri, mijozlar imzosi, pasport nusxalari hamda to‘lov amalga oshirilganligi haqidagi hujjatlarning yo‘qligi namoyon bo‘ldi. 37 dona avtomobil yetkazib berish to‘g‘risidagi shartnoma xaridorlar ishtirokisiz tuzilganligi ma’lum bo‘ldi. Avtomobillarni sotishda ilova qilingan hujjatlarda mijozlarning imzolari soxtalashtirilganligi ehtimoli tekshirilmoqda”, deyiladi xabarda.

Ta’kidlanishicha, avvalroq “Soft Locus” XK direktori lavozimida faoliyat yuritgan “ToshkentAvtosavdo"ning yangi rahbari zimmasiga avtosalon ishini to‘g‘ri yo‘lga qo‘yish hamda oldiga qo‘yilgan vazifalarni vijdonan bajarish kabi mas’uliyat yuklandi.