Prezident Shavkat Mirziyoyev huzurida 10 oktyabr kuni Vazirlar Mahkamasi va iqtisodiy idoralar rahbarlari ishtirokida mamlakatni joriy yil 9 oyida ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish holati va yil yakunlari bo‘yicha kutilayotgan natijalar muhokamasiga bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi, deb yozadi Prezident matbuot xizmati.
Prezidentning 2017 yil 2 sentyabrdagi “Valyuta siyosatini liberallashtirish bo‘yicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi farmoni amalda bo‘lgan valyutani tartibga solish tizimini tubdan isloh qilish, valyuta siyosatini liberallashtirish, barcha tadbirkorlik subyektlariga tashqi savdo faoliyatini amalga oshirishda teng sharoitlar yaratishning mutlaqo yangi tizimiga asos bo‘ldi.
“Mamlakatda valyuta bozorining erkinlashtirilishi — iqtisodiyotda likvidlilik darajasi oshishiga hamda bo‘sh pul mablag‘larining muhim investitsiya va infratuzilma loyihalariga jalb etilishini taqozo qiladi”, deyiladi xabarda.
Ta’kidlanishicha, kapital bozorini rivojlantirish, xo‘jalik yurituvchi subyektlar, banklar va sug‘urta kompaniyalarining bo‘sh mablag‘larini muhim loyihalarga jalb qilish ham yaxshi samara beradi.
Bu borada yangi islohotlarni amalga oshirish davlat byudjeti xarajatlarini bir maromda moliyalashtirish uchun imkoniyatlarni yanada kengaytirishga xizmat qiladi.
Yig’ilishda Prezident quyidagi topshiriqlarni berdi:
- Harakatlar strategiyasiga muvofiq, mamlakatda kapital bozorini rivojlantirish;
- xo‘jalik yurituvchi sub’ektlar, tijorat banklari va sug‘urta kompaniyalarining bo‘sh mablag‘larini muhim investitsiya loyihalarini amalga oshirishga jalb qilish maqsadida qimmatli qog‘ozlarni muomalaga chiqarish;
- joriy yilni muvaffaqiyatli yakunlash;
- barcha prognoz qilingan asosiy makroiqtisodiy ko‘rsatkichlarga erishish.