O’zbekistondan 14 ming kishi doimiy yashash uchun xorijga ko’chib ketdi. Bu haqda Davlat statistika qo’mitasi ma’lumotlari dalolat beradi.

O’zbekiston doimiy aholisi soni 2018 yil 1 oktabr holatiga 33,8 million kishini tashkil etib, yil boshiga nisbatan 428,5 ming kishiga yoki 1,3%ga o’sgan.

2018 yil yanvar-sentabr oylarida respublika bo’yicha ko’chib kelganlar soni 121,7 ming kishini (119,8 ming kishi respublika hududlaridan, 1,9 ming kishi xorijiy mamlakatlardan), ko’chib ketganlar soni esa 134 ming kishini (119,8 ming kishi respublika hududlariga, 14,2 ming kishi xorijiy mamlakatlarga) tashkil etdi.

O’zbekistonga asosan Qozog’iston (31%), Tojikiston (28,3%) va Rossiyadan (25,3%) ko’chib kelishgan.

O’zbekistondan boshqa mamlakatlarga ko’chib o’tishga kelsak, Qozog’iston (48,1%) birinchi o’rinni egallab, Rossiya (46%)ni ortda qoldirdi.

Migratsiya saldosi minus 12,3 ming kishi bo’lib, 2017 yilning mos davrida minus 14,9 ming kishi bo’lgan.

Migratsiya saldosining yuqori darajasi Toshkent viloyatida (minus 4,1 ming kishi), Qashqadaryo viloyatida va Qoraqalpog’iston Respublikasida (minus 3,1 ming kishi) qayd etildi.