Innovatsion rivojlantirish vaziri Ibrohim Abdurahmonov O‘zbekiston prezidenti huzuridagi Xalqaro Orolbo‘yi innovatsiya markazi hamda Orolbo‘yida innovatsiyalarni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasini tashkil etilganini tantanali e’lon qildi, deb yozadi Vazirlik matbuot xizmati.

Xabarga ko’ra, Ibrohim Abdurahmonov va Qurg‘oqchilik sharoitida biodehqonchilik xalqaro markazi (ICBA) direktori Ismaxon Eluafi o‘rtasida hamjihatlik to‘g‘risidagi Memorandum imzolandi.

Hujjatda O‘zbekistonda Orolbo‘yi innovatsiya markazini tashkil etish ko‘zda tutilgan.

Markaz Qoraqalpog‘iston Respublikasining Nukus shahrida joylashib, qurg‘oqchilik sharoitida tadqiqotlar, texnologiyalar transferi va ta’lim sohasidagi ilg‘or innovatsiya markaziga aylanadi.

“Markaz Orol dengizining qurib qolgan tubidagi sho‘ralagan tuproqli yerlarda ekotizimni va barqaror tirik hayotni rivojlantirish, innovatsion texnologiyalar va yondashuvlarni, jumladan, agroo‘rmon melioratsiyasi, sahroni daraxtzorga aylantirish, suv osti ekinlari, bioenergetika, ekinlar diversifikatsiyasi, ekinlar kompleksini yetishtirish, chorvachilik, yaylovlarni rivojlantirish, qurg‘oqchilikni boshqarish va uning oqibatlarini yumshatish kabi vazifalarni o‘z oldiga qo‘ydi”, deyiladi xabarda.

ICBA Markazning texnik-iqtisodiy asoslashni qo‘llab-quvvatlash jarayonini boshqaradi.