Xorazm viloyatida 12 milliarddan ziyod soliq qarzlari undirildi. Bu haqda Spot’ga Davlat soliq qo’mitasi matbuot xizmati ma’lum qildi.

Xabarga ko’ra, 2249 ta tadbirkorlik subyektlarining soliqlarni o‘z vaqtida to‘lamasdan, faoliyat yuritayotgani aniqlanib, shundan 946 tasining mol-mulklari xatlovga olindi. 1854 ta qarzdorlarning 12,4 mlrd. so‘mlik soliq qarzlari davlat foydasiga undirildi.

“Xiva tumanidagi „Xivaneftegazqurilish“ korxonasining 317,0 mln. so‘mlik „Solor 210“ rusumli ekskavatori va „ISUZU“ rusumli avtobusi, Shovot tumanidagi „Shovot mashina traktor parki“ MCHJning 111,5 mln. so‘mlik „CASE“ rusumli traktori va Urganch tumanidagi „Xudargan Umid“ xususiy korxonasining 12,4 mln. so‘mlik soliq qarzi yuzasidan korxonaga qarashli yuk ortuvchi transport vositasi sud hujjatlari asosida qarzdorlik hisobiga xatlandi”, deyiladi xabarda.

Ta’kidlanishicha, byudjet va davlat maqsadli jamg‘armalaridan soliq qarzi mavjud jami 35,1 mingta qarzdorlarning 79,4 mlrd. so‘mlik, shundan 12,9 mingta yuridik shaxslarning 68,9 mlrd. so‘mlik, 8,0 mingta jismoniy shaxslarning 4,5 mlrd. so‘mlik, 14,2 mingta yakka tartibdagi tadbirkorlarning 6,0 mlrd. so‘mlik qarzdorligi mavjud.

Amaldagi qonunchilik talablarini qo‘pol ravishda buzib, soliqqa oid huquqbuzarliklar sodir etgan 660 nafar shaxsga nisbatan 63,4 million so‘m ma’muriy jarima qo‘llanildi.