Kreditorlarning huquqiy himoyasini kuchaytirish va tadbirkorlik faoliyatini moliyalashtirish mexanizmlarini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi Prezident qarori e’lon qilindi.

Qarorga muvofiq, Mamlakatda investitsiya muhitini yanada yaxshilash, to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalarni jalb etishni rag‘batlantirish, investorlarning mamlakatimizda tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘yish va yuritishga bo‘lgan ishonchini mustahkamlash maqsadida 2019 yil 1 yanvardan quyidagi tartibni o‘rnatiladi:

  • garov bilan ta’minlangan kreditorlar talablarini garovga qo‘yilgan mol-mulk qiymatidan qondirish qarzdor o‘z majburiyatlarini bajarmagan yoki lozim darajada bajarmagan hollarda garov reyestriga qarzdorning mol-mulkiga bo‘lgan huquqlari to‘g‘risida yozuv kiritilgan sanaga ko‘ra kalendar ketma-ketligida amalga oshiriladi;
  • garov reyestriga qarzdorning mol-mulkiga bo‘lgan huquqlari to‘g‘risida yozuv kiritgan kreditor-garovga oluvchilar o‘z talablarini qondirishda garov reyestriga tegishli yozuvni kiritmagan kreditor-garovga oluvchilarga nisbatan ustuvor huquqqa ega bo‘ladilar;
  • mol-mulkni xarid qilishni uni ta’minot sifatida qo‘yish evaziga moliyalashtirgan kreditor garov reyestriga tegishli yozuvni kiritgan taqdirda, ushbu mol-mulk hisobidan o‘z talablarini qondirishda ustuvor huquqqa ega bo‘ladi;
  • navbatdagi garovga qo‘yishga garov reyestriga tegishli yozuvni kiritish sharti bilan avvalgi garovga oluvchining roziligisiz ruxsat etiladi;
  • garovga qo‘yuvchi tomonidan garov predmetini ijaraga berishga garov reyestriga tegishli yozuvni kiritish va bu haqda garovga oluvchini xabardor etish sharti bilan garovga oluvchining roziligisiz ruxsat etiladi.

Shuningdek, garovga oluvchilar va boshqa kreditorlarning talab qilish huquqini ta’minlash uchun garovga qo‘yilgan hamda ularning talablari bo‘yicha undiruv qaratilgan mol-mulk kreditga, bo‘lib-bo‘lib to‘lashga, lizingga yoki qonun hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa bitimlar orqali realizatsiya qilinishi, ijaraga berilishi mumkin, sud qarorlari va boshqa organlar qarorlarini ijro etish to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga muvofiq mol-mulkni majburiy realizatsiya qilish hollari bundan mustasno.