Spot tahririyatiga tadbirkor Vladimir Apresyandan xat keldi, maktubga ko‘ra u biznesning dekret nafaqasi to‘lovlari bo‘yicha majburiyati gender kamsitilishiga olib keladi, korxonaning daromadlarini, byudjet tushumi va mamlakatning investitsiyaviy jozibadorligini pasaytiradi, degan fikrda.

Vladimir Apresyan

Tadbirkor, J-Foods XK asoschisi (Samarqand)

O‘zbekiston keskin o‘zgarishlar bosqichiga qadam qo‘ydi.

Amalga oshirilayotgan islohotlar mohiyati haqida fikr yuritarkansan, davlat ko‘plab muhim maqsadlar sari borayotganini tushunasan, ular orasida xalq farovonligini oshirish (ta'lim va tibbiyot mussasalari xodimlari maoshini maqsadli oshirish, mehnat bo‘yicha soliqlarni rejali kamaytirish), biznes-iqlimni yaxshilash (valyuta, bojxona va kutilayotgan soliq islohotlari) va ijtimoiy adolatni barpo etish (majburiy mehnatni ta’qiqlash, ayollar va bolalarga nisbatan zo‘ravonlikka chek qo‘yish masalalarida ilgari qadam qo‘yish) kabi hayrli ishlar bor.

Biroq yana bir muammoli zona — fuqarolarning ijtimoiy sug‘urtasi nazardan chetda qolmoqda. Bu masalani homiladorlik va farzand ko‘rish bo‘yicha nafaqa misolida ko‘rib chiqamiz.

Ish beruvchi qancha to‘laydi?

2010 yilga qadar dekret nafaqasi Pensiya fondi hisobidan to‘lanar edi. Biroq 2010 yili yangi tartib kuchga kirdi — dekret puli to‘lash majburiyati ish beruvchiga yuklatildi.

Ehtimol kimdir: “Nima qilibdi? To‘lashsin! Ahir ular bizning mehnatimiz bilan pul topadilar!” deyishi mumkin.

Ammo g‘azablanishdan avval bir jihatni hisobga olish darkor — ish beruvchi (u xususiymi yoki davlat muasasasimi, farqi yo‘q) har oyda har bir hodimi uchun yagona ijtimoiy to‘lov (YIT) to‘laydi, u esa aynan hodimlarning vaqtincha mehnat qobiliyatini yo‘qotish holatlari uchun sug‘urta qilishga mo‘ljallangan.

YIT hajmi yirik korxonalar uchun ish haqiga qo‘shilgan summaning 25%ni, kichik korxonalar uchun 15%ini tashkil etadi. Shu bilan birga YIT summasi kichik korxonalar uchun mamlakatda belgilangan eng kam ish haqining uchdan ikki qismidan, fermer xo‘jaliklari ishchilari uchun bir EKIHning yarmidan kam bo‘lmasligi va boshqa muassasalar xodimlari uchun esa 1 EKIH bilan teng bo‘lishi kerak. Kutilayotgan soliq islohoti bu foizni 12% gacha pasaytirishi lozim.

Demak, ish beruvchi xodimni mehnat qobiliyatini yo‘qotish holati yuz berishi ehtimoli uchun sug‘urtalaydi, biroq, hodim ish qobiliyatini yo‘qotgudek bo‘lsa, bunda yana mablag‘ to‘lash majburiyati unga yuklanadi. Amaldagi qonunchilikka muvofiq, dekret ta’tili tug‘ruq jarayonining og‘irligiga qarab 126 kundan 156 kungacha davom etadi. Agar xodima korxonada bir yildan kam ishlagan bo‘lsa, o‘rtacha oylik ish haqining 75% hajmida to‘lanadi. Agar bir yildan ortiq muddat ishlagan bo‘lsa, unda 100% beriladi.

Ya’ni homiladorlik va farzand ko‘rganlik bo‘yicha nafaqa summasi to‘rt-besh oylik ish haqi atrofida bo‘ladi. Ish beruvchi yana bolani parvarishlash uchun ikki yil davomida oyiga ikki EKIH hajmida nafaqa to‘lashi lozimligi esa o‘t ustiga moy purkaydi.

Va bu xali hammasi emas. Agar ayol bolani parvarishlash ta’tili vaqtida yana bitta farzand ko‘rgudek bo‘lsa, bularning hammasi yana bir marta takrorlanadi.

Keling, bu masala boshqa mamlakatlarda qanday hal etilishiga nazar solaylik:

  • Rossiyada ish beruvchi dekret pulini to‘laydi, davlat esa keyin bu summani ijtimoiy sug‘urta soliqlaridan chiqarib tashlaydi.
  • Qozog‘istonda to‘lovlar sug‘urta fondidan to‘lanadi.
  • Gruziyada (O‘zbekistondagi soliq islohotlari Konsepsiyasi asos qilib olingan soliq tizimi) ham ish beruvchi bu majburiyatdan ozod qilingan.

Men bu to‘lovlar korxona hisobidan amalga oshiriladigan bironta mamlakatni topa olmadim! Ehtimol, kimdir bunga muvaffaq bo‘lar.

Bu muammo nega mavjud?

Keling, bunday vaziyat nimaga olib kelishini ko‘rib chiqaylik.

Gender kamsitish

Ish beruvchilar yosh, oilali ayollarga juda ehtiyotkorlik bilan qaraydilar. Ko‘p hollarda ularni ishga olmaydilar yoki hujjatlarini rasmiylashtirmaydilar (agar 2007 yildan beri kasallik varaqasi uchun ham ish beruvchi mablag‘ ajratishini hisobga olganda, bu soliq to‘lashdan bo‘yin tovlashning yana bir sababidir) yohud xodimada homiladorlik boshlanganini bilib qolsalar zudlik bilan undan qutiladilar (bunisi endi mehnat kodeksining jiddiy buzilishidir).

Albatta, qonun talablarini vijdonan bajarayotgan korxonalar ham bor, biroq ular kamchilikni tashkil etadi. Ohir-oqibat gender alomatlari bo‘yicha diskriminatsiyaga duch kelamiz.

Korxona daromadlarining pasayishi

Shunday vaziyatni tasavvur qilib ko‘ramiz. Yosh juvon ishga joylashadi. Bir yil ishlab dekret ta’tiliga jo‘naydi (aytmoqchi, unga odatiy yillik pul to‘lanadigan ta’tilni ham qo‘shish lozim).

Ish beruvchi unga 126(yoki xatto 156) kunlik maosh beradi. Keyin bolani parvarishlash uchun nafaqa puli navbat kutadi. Undan so‘ng yana bir dekret ta’tili bo‘lishi mumkin (mamlakatdagi demografik ahvol sharoitlarida bu juda mumkin bo‘lgan holat). U ayolni hech bir sharoitda ishdan bo‘shata olishga haqli emas.

Savol! Bu xodima korxonaga buncha harajatlarni qoplash imkonini beradigan foyda keltirdimikin? Ish beruvchi yil davomida har oyda xodimaning ijtimoiy sug‘urtasini to‘lab kelganini ham unutmang.

Bularning bari oqibatda daromadning kamayishiga olib keladi va sekin-asta ushbu korxonaning o‘sish sur’atlariga ta’sir ko‘rsatadi.

Mamlakatning investitsiyaviy jozibadorligi pasayishi

Har bir chet ellik investor mablag‘ kiritishdan avval mamlakat qonunchiligini diqqat bilan va sinchiklab o‘rganadi. Shtatda ayollar miqdori erkaklardan ustun turadigan (masalan, to‘qimachilik) ishlab chiqarish va xizmatlar tarmoqlari bor. Va ayollarning ijtimoiy sug‘urtasi sohasidagi bizning qoidalar bilan tanishuv investorni quvontirmasligi tabiiy holat. Shunday ekan, O‘zbekistonga investitsiya kiritishdagi minuslar yana bittaga ko‘payadi.

Byudjet tushumlarining qisqarishi

Sabablar yuqoridagilarning o‘zginasi. Ish beruvchi xodimlarning ijtimoiy sug‘urtasi masalasida yuqori va adolatsiz yuklama olishni istamaydi (yana biznesdagi boshqa soliqlarni ham hisobga oling) va ko‘pincha eng ohirgi choralarni ko‘rishga intiladi — ya’ni xodim bilan mehnat shartnomasi tuzmaydi yoki soliq yuklamasini kamaytirish niyatida ish haqini “konvert"da to‘laydi.

Fuqarolarning ijtimoiy sug‘urtasida ancha maqbul sharoitlarni yaratish orqali biz byudjet tushumlari ko‘payishiga erishamiz.

Nima qilmoq kerak?

Yuqorida sanab o‘tilgan muammolarni hal etish uchun ish beruvchidan nafaqa va yordam pullari to‘lash majburiyatini olib tashlash, bu masalani davlat tasarrufiga o‘tkazish, biznesga esa sug‘urta badallarini to‘lash majburiyatini qoldirish darkor.

Birinchi qarashda bu byudjet yuki sezilarli darajada oshishiga olib keladigandek ko‘rinishi mumkin. Biroq, bunday emas.

Yodda tutish lozimki, ijtimoiy sug‘urta sohasidagi qonunchilikni liberallashtirish biznesning rasman ishga qabul qilish va haqiqiy ish haqini to‘lash borasidagi havotirini pasaytirishi kerak. Demak, byudjet daromadlari ham muayyan miqdorda o‘sib boradi.

Shu bilan birga bu masalada dekret puli olish maqsadida “so‘nggi daqiqada” ishga joylashish kabi jinoiy harakatlarga yo‘l qo‘yish mumkin emas. Buning uchun cheklovlar kiritish mumkin — dekret to‘lovlari summasi va boshqa nafaqalar ushbu xodim uchun to‘langan sug‘urta badallaridan oshib ketmasligi kerak. Shunda davlat hisobiga yashash xayollari ham barham topadi.

Spot bu mavzuda o‘z fikrlarini bildirish istagida bo‘lgan boshqa tomonlarga ham imkoniyat berishga tayyor. Bizga yozing: info@spot.uz.