Vazirliklar, idoralar va xo‘jalik boshqaruvi organlari tomonidan undiriladigan xorijiy valyutadagi boj stavkalari, yig‘imlar va soliq bo‘lmagan boshqa to‘lovlarning tariflariga qo‘shimchalar kiritildi. Bu haqda Norma xabar berdi.

Kiritilgan qo‘shimchalarga muvofiq, chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarga ko‘p martalik kirish-chiqish vizalarini endilikda 3 yilgacha muddatda rasmiylashtirish mumkin.

Qabul qilingan hujjat bilan 28 noyabrdan boshlab quyidagi boj miqdorlari belgilandi:

  • chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarga 3 yilgacha muddatga ko‘p martalik kirish-chiqish vizasini rasmiylashtirganlik uchun — 350 $ (vizaning karraliligini rasmiylashtirishda stavka 10 $ ga oshadi);
  • chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarni kirish vizasi amal qiladigan muddatga vaqtincha propiska qilganlik hamda vizaning amal qilish muddatini uzaytirish davrida vaqtincha propiskani uzaytirganlik uchun — 300 $.

2018 yil 1 dekabrdan boshlab mazkur fuqarolar hech qanday ruxsat beruvchi tartib-taomillarni o‘tmagan holda o‘zlari muassisi bo‘lgan tashkilotning istalgan lavozimida mehnat faoliyatini amalga oshirish huquqiga ega.