Prezident “Respublikada pillachilik tarmog‘ini jadal rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi hujjatni imzoladi.

Hujjatga muvofiq, respublika hududlarida aholini ish bilan ta’minlash va ularning daromadlarini oshirish maqsadida pillachilik tarmog‘i tashkilotlari tomonidan tomorqa yer egalariga (aholi xonadonlariga) 50 boshdan 90 kunlik parranda va tut ko‘chatlarini shartnoma asosida bepul yetkazib beriladi.

2019 yildan boshlab “O‘zbekipaksanoat” uyushmasi tarkibiga kiruvchi tashkilotlarning pilla hosili uchun kontraktatsiya shartnomalarida belgilangan miqdorlardan ortiqcha pilla topshirilganida, 5 kilogrammgacha ortiqcha pilla hosili xarid narxiga nisbatan 15 foiz, 5 kilogrammdan yuqori bo‘lgan qismiga — 25 foiz miqdorida ustama to‘lash tizimi joriy etiladi.

Shuningdek, pillachilik tarmog‘idagi loyihalarni moliyalashtirish uchun imtiyozli kredit liniyalari ochiladi. Hamda uyushma tarkibiga kiruvchi tashkilotlar 2023 yil 1 yanvarga qadar muddatga mol-mulk va yer soliqlarini to‘lashdan ozod etilib, buning natijasida bo‘shaydigan mablag‘lar ishlab chiqarishni modernizatsiya qilish, shu jumladan, texnologik uskunalar sotib olish uchun maqsadli tarzda yo‘naltirilishi kerak.

Imtiyoz quyidagi shartlar bilan qo‘llaniladi:

  • imtiyoz qo‘llanilganidan keyingi yildan boshlab 3 yil davomida har yili ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarning kamida 50%ni eksport qilish;
  • imtiyozni qo‘llash natijasida bo‘shaydigan mablag‘larni texnologik uskuna olib kirilgan kundan boshlab dastlabki 2 yil ichida ishlab chiqarishni kengaytirish maqsadida texnologik uskunalar sotib olish uchun maqsadli tarzda yo‘naltirish.