Sho‘rtanda dunyodagi noyob zavod barpo etilmoqda, deb yozadi Prezident matbuot xizmati.

Xabarga ko’ra, prezident 2018 yil 13 dekabr kuni zavodga tashrif buyurdi.

Zavod dunyodagi yetakchi litsenziar kompaniyalar — “Sasol” (JAR), “Xaldor Topse” (Daniya) va “Shevron” (AQSH) texnologiyasi asosida barpo etilmoqda. Qurilish ishlari bosh pudratchi — Koreya Respublikasining “Hyundai Engineering Co. Ltd.” va “Hyundai Engineering and Construction Co., Ltd”, Singapurning “Enter Engineering Pte. Ltd.” kompaniyalari tomonidan olib borilmoqda.

Majmua uchun zarur 11 mingdan ortiq texnologik uskunalar Yaponiya, Janubiy Koreya, Singapur, AQSH, Germaniya, Italiya, Xitoy, Rossiya kabi 21 ta davlatdagi 126 ta zavodda tayyorlanmoqda.

“Bunday ish hajmi bejiz emas. Tabiiy gazdan sintetik suyuq yoqilg‘i (GTL) olish juda noyob jarayon bo‘lib, yuqori texnologiyalar va murakkab ilmiy yechimlarni talab etadi. Hozirda dunyoda bunday zavodlar atigi beshta, o‘zimizning Sho‘rtandagisi oltinchisi bo‘ladi”, deyiladi xabarda.

Loyihaning umumiy qiymati 3,6 milliard $. Uning amalga oshirilishi natijasida yiliga 3,6 milliard kub metr gaz chuqur qayta ishlanib, YeVRO-5 standartlariga javob beradigan 1,5 million tonna sintetik suyuq yoqilg‘i ishlab chiqariladi. Bular 311 ming tonna aviakerosin, 743 ming tonna dizel yonilg‘isi, 431 ming tonna nafta, 53 ming tonna suyultirilgan gazdir.

Zavodda gazni qayta ishlash orqali 300 $lik mahsulot ishlab chiqariladi. Foyda ikki barobar ortadi. Yiliga hisoblaganda, tabiiy gazdan ko‘ra tayyor GTL mahsulotlaridan ko‘riladigan qo‘shimcha daromad 576 million $dan oshadi.

Ta’kidlanishicha, zavod mahsulotlari hozirda chetdan import qilanayotgan xomashyolar o‘rnini qoplaydi. Buning evaziga yiliga neft sotib olishga ketadigan 1 milliard $dan ortiq valyuta mablag‘lari iqtisod qilinadi.

“Biz har tomonlama mulohaza qilib, sintetik yoqilg‘i ishlab chiqaradigan, 1 milliard $ import o‘rnini to‘ldiradigan tarixiy loyiha qildik. Bu O‘zbekiston iqtisodiyotini barqaror qilish uchun katta salohiyatga ega. Shu paytgacha tarmoqda bunday nomenklatura yo‘q edi. Bu yerda yoqilg‘i ishlab chiqarib, benzin tannarxini tushirsak, odamlarimiz shuni sezadi”, — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Prezident mutaxassislar, texnika va resurslardan maksimal foydalanib, qurilish-montaj jarayonlarini oqilona muvofiqlashtirib, zavodni ishga tushirishni tezlashtirish, mahsulot ishlab chiqarishni bir kun bo‘lsayam ertaroq yo‘lga qo‘yish zarurligini ta’kidladi. Zavodni foydalanishga topshirish muddatini qisqartirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqish yuzasidan topshiriq berdi.

Ushbu zavod Sho‘rtan gaz-kimyo majmuasining yonida joylashgani umumlashgan infratuzilma ob’ektlaridan foydalanishda qulaylik yaratadi. Bu yerda yana bir loyiha — Sho‘rtan gaz-kimyo majmuasining quvvatini 125 ming tonnadan 505 ming tonnagacha oshirish loyihasi rejalashtirilgan.

Unda GTL zavodidan chiqadigan naftani qayta ishlab, yangi turdagi polietilen va polipropilen mahsulotlari ishlab chiqarish ko‘zda tutilgan.