International Hotel Tashkent mehmonxonasida SOLA brendi ostida yangi telekommunikatsion Wi-Fi operatorini ishga tushirish rasmiy marosimi bo‘lib o‘tdi.

Toshkent internetga keng polosali simsiz ulanish umumshahar tarmog‘i bo‘lgan Markaziy Osiyodagi birinchi shaharga aylanadi. Hozirgi paytda poytaxtda 1200ta Wi-Fi nuqtalari faoliyat ko‘rsatmoqda, kelgusi yilning bahorigacha esa ularning sonini 5000gacha yetkazish rejalashtirilgan.

SOLA tizimi tarmoqqa ulanishning ikkita qo‘rinishini taklif etadi — pullik va bepul. Bepul kirish reklama roligini ko‘rib chiqishdan keyin taqdim etiladi. Pullik tariflar trafik bo‘yicha cheklovlarsiz ishlaydi va qulayligi bilan ajralib turadi: abonentga soatlik, kunlik, haftalik yoki oylik obuna taklif etiladi.

“SOLA tarmog‘i Toshkentning Janubiy va Shimoliy vokzallari, „Megaplanet“, „Parus“, „Samarqand Darvoza“ va „Vega Centre“ ko‘ngilochar savdo markazlari, „Chilonzor“, „Qatortol“, „Yunusobod“, „Mirobod“ va „Parkent“ bozorlari kabi ommabop joylarni allaqachon qamrab olgan. Ulanishga kelib tushayotgan talabnomalarga muvofiq qamrov doirasi doimiy ravishda kengayib boradi. Bizning yaqin rejalarimizda — O‘zbekistonning sayyohlik shaharlarida Wi-Fi tarmog‘ini o‘rnatishdir”, — dedi “Asia Wireless Group” MCHJ direktori Bekzod Ahmedov.

Asia Wireless Group kompaniyasining kelgusi rejalarida Toshkentda Wi-Fi shahar tarmog‘ini kengaytirish va Jizzax, Samarqand, Farg‘ona, Andijon, Namangan, Buxoro, Navoi, Urganch va Qarshida 45 mingdan ortiq kirish nuqtalarini o‘rnatish belgilangan.