Toshkent shahridagi kvartirali uy-joylar boshqaruvi professional kompaniyalarga beriladi. Bu haqda Vazirlar mahkamasining “Toshkent shahrining uy-joy kommunal infratuzilmasini boshqarishni takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi qarorida keltirilgan.

Qarorga muvofiq, Toshkent shahrining uy-joy kommunal sohasini rivojlantirish maqsadida ko’p kvartirali uy-joy fondini saqlash, undan foydalanish va ta’mirlash sohasidagi bozor mexanizmlarini, jumladan, davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida bosqichma-bosqich joriy etilishi belgilandi.

Tajriba tariqasida 2019 yil Yunosobod tumanining ko’p kvartirali uy-joy fondi professional boshqaruv kompaniyalari tomonidan boshqariladi.

Toshkent shahar hokimligiga 2019 yil 31 yanvarga qadar:

  • ko’p kvartirali uy-joy fondini saqlash, undan foydalanish va ta’mirlash uchun boshqaruv kompaniyasini aniqlash bo’yicha tanlov o’tkazish tartibini tasdiqlash;
  • tanlovga qo’yiladigan ko’p kvartirali uy-joy fondi lotlarining ro’yxatini aniqlash va ushbu ro’yxatni ochiq holda, shu jumladan hokimlik rasmiy veb-saytida e’lon qilish;
  • ko’p kvartirali uyni saqlash, undan foydalanish va ta’mirlash uchun boshqaruv kompaniyasi bilan namunaviy shartnoma ishlab chiqish vazifasi yuklatildi.

Shuningdek, qarorga binoan Uy-joy xo’jaligini rivojlantirish jamg’armasi tashkil etiladi.