Prezident raisligida 8 yanvar kuni joriy yilgi investitsiya loyihalarini amalga oshirishni jadallashtirish masalalariga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Unda hukumat a’zolari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi Raisi, Toshkent shahri va viloyatlar hokimlari, mamlakatimizning xorijdagi diplomatik vakolatxonalari rahbarlari ishtirok etdi.

“2019 yilgi Investitsiya dasturiga 16,6 milliard $lik 3 mingdan ziyod loyiha kiritilgan. Bu 2018 yildagiga nisbatan 16% ko‘pdir. Jumladan, joriy yilgi Investitsiya dasturi doirasida umumiy qiymati 3,2 milliard $ bo‘lgan 140 ta ishlab chiqarish quvvatini foydalanishga topshirish rejalashtirilgan”, deyiladi xabarda.

Joriy yilda shunday investitsiyalar ishtirokidagi 320 ta loyiha doirasida 4,2 milliard $ o‘zlashtirilishi ko‘zda tutilgan.

Prezident to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar ishtirokidagi loyihalarni so‘zsiz amalga oshirish, chet ellik investorlarga har tomonlama yordam berish hukumatning eng muhim vazifasi bo‘lishi kerakligini ta’kidladi. Investitsiyalarning asosiy qismini o‘zlashtirishni yilning oxirgi oylariga qoldirish amaliyotiga chek qo‘yib, barcha tarmoqlar va hududlarda buni birinchi yarim yillikda kamida 35%ga, to‘qqiz oylikda 70%ga yetkazish zarurligi qayd etildi.

Joriy yilda to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalar ishtirokida 209 ta hududiy loyiha amalga oshirilib, 1,9 milliard $ yoki o‘tgan yildagiga nisbatan 2 barobar ko‘p mablag‘ o‘zlashtirilishi rejalashtirilgan. Yig‘ilishda shu va mamlakatimiz elchilari ko‘magida shakllantirilgan qo‘shimcha loyihalarni amalga oshirish uchun har bir hududga respublika idoralari rahbarlari mas’ul etib biriktirildi.

Endilikda hududlar va tarmoqlarda to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar ishtirokidagi loyihalar ko‘lamini kengaytirish, ularni amalga oshirishda qat’iy nazorat mexanizmini o‘rnatish uchun yangi tizim tashkil etilishi ma’lum qilindi. Unga muvofiq:

  • birinchi — viloyat hokimlari har haftada bittadan tuman yoki shaharga borib, elchilar bilan aloqa o‘rnatgan holda, u yerga to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarni jalb qilish bo‘yicha ishlarni tashkil qiladi. Xuddi shunday, tarmoq rahbarlari ham har haftada bitta viloyatga borib, o‘sha joydagi korxonalari bilan birga amaldagi loyihalarni bajarish va qo‘shimcha investitsiya loyihalari bo‘yicha ish olib boradi. Bosh vazir va uning o‘rinbosari elchilar ishtirokida hududlar va tarmoqlarga jalb qilingan xorijiy investitsiyalarni o‘zlashtirish holatini muntazam muhokama qilib boradi. Natijalariga qarab, hokimlar va tarmoqlar rahbarlari rag‘batlantiriladi yoki ularga nisbatan ish haqining 50%i miqdorida jarima qo‘llanadi.
  • Ikkinchi — Investitsiya qo‘mitasi hududlar va tarmoqlarning investitsiya loyihalari bo‘yicha takliflarini umumlashtirib, samaradorligini baholaydi va yagona elektron “onlayn” bazani shakllantiradi.
  • Uchinchi — Tashqi ishlar vazirligi hamda hududlarga biriktirilgan elchilar yagona elektron bazaga kiritilgan loyihalarga xorijiy investorlarni jalb etadi.
  • To‘rtinchi — Vazirlar Mahkamasi saralab olingan istiqbolli loyihalarni amalga oshirish uchun xorijiy investorlar bilan tegishli kelishuvlarni rasmiylashtirib, ijrosini nazoratga olish bo‘yicha “yo‘l xaritalari"ni tasdiqlaydi.

“Eng muhimi, investitsiya loyihalarini to‘g‘ri joylashtirish kerak. Bu borada investorlarning yagona talabi — loyiha mo‘ljallangan joy zarur infratuzilma tarmoqlariga ega bo‘lishidir. Shuning uchun, kecha urbanizatsiya jarayonini takomillashtirish bo‘yicha Prezident qarorini qabul qildik. Bundan asosiy maqsad — infratuzilmasi mavjud va rivojlanishi qulay bo‘lgan joylarga investorlar jalb qilish orqali sanoatni tizimli rivojlantirishga erishamiz. Sanoat bor joyda ish o‘rinlari va daromad bo‘ladi, uy-joylar va ijtimoiy obyektlar, kichik shaharchalar barpo etiladi”, — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Videoselektor yig‘ilishida yana bir muhim masala — xorijiy investorlar loyihasini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash masalasi muhokama qilindi. Xalqaro tajribadan kelib chiqqan holda, xorijiy investorlarni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasini tashkil etish vazifasi qo‘yildi.

Mamlakatimiz tijorat banklari joriy yilda xorijiy banklarning jami 740 million $ miqdoridagi to‘g‘ridan-to‘g‘ri kreditlarini jalb qilishi rejalashtirilgan.

Joriy yilda 84 ta loyiha doirasida xalqaro moliya institutlari va donorlarning 2,7 milliard $ mablag‘ini o‘zlashtirish ko‘zda tutilgan. Yig‘ilishda bu loyihalar Vazirlar Mahkamasi komplekslari kesimida tahlil qilinib, ularni o‘z muddatida va sifatli amalga oshirish bo‘yicha chora-tadbirlar belgilab berildi.