Vazirlar Mahkamasining “Toshkent shahrida zamonaviy zargarlik buyumlari ishlab chiqarishni tashkil etish” investitsiya loyihasini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi qarori e’lon qilindi.

Qarorga binoan, investitsiya loyihasi “Imperial Jewelry Inc” (AQSH) tomonidan uch yillik davrda kiritiladigan 20 mln. $ miqdoridagi investitsiya mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladi.

Loyihani amalga oshirish muddati yakunigacha mahsulot ishlab chiqarish hajmi 10 tonnagacha yetkaziladi va 100 tadan ortiq ish o‘rinlari yaratiladi.

Qarorga muvofiq, Iqtisodiyot vazirligi Markaziy bank, Moliya vazirligi va “O‘zbekzargarsanoat” bilan birgalikda 2019 yil 1 aprelga qadar quyidagi masalalar bo‘yicha takliflarni Vazirlar Mahkamasiga kiritadi:

  • ishlab chiqarish bazasiga ega bo‘lgan korxonalarda qimmatbaho metallar yombisi ishlab chiqarish;
  • zargarlik buyumi ishlab chiqaruvchi korxonalarga lizing asosida qimmatbaho metallar berilishi mexanizmini joriy etish;
  • zargarlik buyumi ishlab chiqaruvchilarga qimmatbaho metallar parchasi va qayta ishlangan qimmatbaho toshlarni yuridik va jismoniy shaxslardan shartnoma asosida sotib olish huquqini berish.
  • Markaziy bankning hududiy boshqarmalari va tijorat banklari orqali konvertatsiya qilinadigan valyuta o’rnini bosuvchi investitsiya vositasi — naqdsizlashtirilgan metall hisob raqamlari ochish uchun qimmatbaho metallardan keng foydalanish maqsadida metallar yombisi savdosini yo’lga qo’yish.