Narx-navoning oshishini soliq stavkasining oshishiga bog’lash umuman noto’g’ri, dedi DSQ raisi o’rinbosari Xotambek Shakirov “Soliq siyosatini takomillashtirish konsepsiyasi va iqtisodiy samaradorlik imkoniyatlari” mavzusidagi matbuot anjumanida. Bu haqda Spot muxbiri xabar berdi.

Xotambek Shakirov so’zlariga ko’ra, Narx-navo oshishining soliq stavkasiga bog’liqlik joyi juda kam.

“Soliq stavkasini oshirilishini bahona qilib narxlarni oshirish holatlari juda ham ko’p uchramoqda. Biz hisob-kitoblar qilib soliq yukining narxlarga ta’sirini o’rganib chiqdik”, — deydi DSQ raisi o’rinbosari.

Ta’kidlanishicha, misol tariqasida umumiy ovqatlanish korxonalari 2018 yilda 10% yagona soliq to’lovini to’lagan bo’lsa, endilikda 1 yanvardan 10% qo’shilgan qiymat solig’i to’lovini amalga oshiradi.

Shunday holatda ham narxlar nega oshishi kerak? Umumiy ovqatlanish korxonalarida rentabellik tushunchasi yo’q. Har bir umumiy ovqatlanish joylari buxgalterlari soliq yukini to’g’ri hisoblay olishi kerak. Shahsan o’zim Toshkent viloyatidagi umumiy ovqatlanish korxonlari buxgalterlari bilan hisoblab, soliqning narxlarga deyarli ta’siri yo’q ekanligini aniqladim, — deydi Xotambek shakirov.

Uning so’zlariga ko’ra, bugungi kunda barcha tashkilotlarga soliq organi xodimlari biriktirilgan bo’lib, ular yangi soliq tizimiga o’tishda hisob-kitoblarni amalga oshirishda ko’maklashmoqdalar.