2019 yilning 1 fevralidan GM Uzbekistan avtomobillariga kafolatli xizmat ko‘rsatish muddatini uzaytirdi. Bu haqda kompaniya ma’lumotlarida keltirilgan.

Endi ushbu muddat 3 yil yoki 100 000 kilometr masofani o‘z ichiga oladi. Avval — 1 yil yoki 20 000 kilometr masofani tashkil qilgan.

“Uzaytirilgan kafolat muddati kompaniyaning rasmiy dilerlaridan 2019 yilning 1 fevralidan boshlab xarid qilinadigan avtomobillarga tadbiq etiladi. Kafolat muddati avtomobilning egasi bilan bog‘liq bo‘lmaydi, ya’ni ushbu davr mobaynida avtomobil egasi o‘zgarsa, uning yangi egasi ham ushbu kafolat huquqidan foydalana oladi”, deyiladi xabarda.

Avtomobildan noto‘g‘ri foydalanish, avariya, avtomobilning konstruksiyasi va modifikatsiyasiga o‘zgartirish kiritish yoki ishlab chiqaruvchi tomonidan tavsiya etilmaydigan qo‘shimcha ishlov berilishi yoki jihozlanishi tufayli nosozliklar yuzaga kelgan taqdirda kafolat davri cheklanadi.

Ta’kidlanishicha, kafolat muddati davomida avtomobilning ishlab chiqaruvchi tomonidan aniqlangan nuqsoni bor qismlarini ta’mirlab berish yoki almashtirish rasmiy xizmat ko‘rsatish markazlari tomonidan bepul amalga oshiriladi. Buning uchun esa avtomobil egasidan avtomobilning ekspluatatsiyasi bo‘yicha barcha shartlar yo‘riqnomaga asosan bajarilgan bo‘lishi talab etiladi.