Yakka tartibdagi tadbirkorlarga ham yengil avtomobillarda yo‘lovchilarni tashish faoliyatini amalga oshirish huquqi beriladi. Bu haqda prezident qarorida keltirilgan.

Transport vazirligiga Davlat soliq qo‘mitasi bilan birgalikda yakka tartibdagi tadbirkorlarga ruxsat berish tartibotlarini soddalashtirish va minimallashtirish maqsadida axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etgan holda yengil avtomobillarda yo‘lovchilarni tashish faoliyatini amalga oshirish huquqini berish haqidagi takliflarni (hozirda ushbu faoliyat bilan faqatgina yuridik shaxslar shug‘ullanishi mumkin) bir oy muddatda Vazirlar Mahkamasiga kiritish vazifasi yuklatildi.

Shuningdek, qarorga muvofiq, 2019 yil 1 iyuldan boshlab quyidagilar bekor qilinadi:

  • xalqaro tashishlarda foydalaniladigan tyagach (shatakchi) avtomobillarga litsenziya kartochkalari berilishi uchun davlat boji to‘lash;
  • “Yevro-5” va “Yevro-6” ekologik sinf talablariga mos keladigan yangi yuk va maxsus avtotransport vositalarini, shuningdek, avtomobilda yuk tashish uchun foydalaniladigan tirkama va yarim tirkamalarni, transport-ekspeditorlik xizmatlarini majburiy sertifikatlash;
  • yo‘lovchilar tashishda foydalaniladigan avtotransport vositalarida nazorat-kassa apparati mavjud bo‘lishi haqidagi talablar;
  • avtomobilda yuk tashish bilan shug‘ullanuvchi yakka tadbirkorlar, shuningdek, ushbu faoliyat bilan shug‘ullanuvchi yuridik shaxs rahbarining malaka talablariga muvofiqlik yuzasidan attestatsiyadan o‘tishi to‘g‘risidagi talablar;
  • avtomobilda yo‘lovchilar va yuklarni tashish bo‘yicha faoliyatni amalga oshirish uchun litsenziya olishda yuridik shaxslarning balansida transport vositalari mavjud bo‘lishi haqidagi talablar.

2019 yil 1 apreldan boshlab yuridik va jismoniy shaxslar o‘rtasida ijara shartnomalarini tasdiqlash uchun amaldagi davlat boji miqdori (405 460 so‘m) ikki marotaba kamaytiriladi.