“ITB Berlin — 2019” xalqaro turistik koʻrgazmasi doirasida Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasining raisi vazifasini bajaruvchi Abdulaziz Aqqulov hamda Ispaniyadagi Sevilya shahri meri Xuan Espadas oʻrtasida muzokaralar olib borildi, deb xabar beradi qo’mita matbuot xizmati.

Unda madaniy meros obyektlarini asrash va Ispaniyadagi mashhur Paradores mehmonxonalari tajribasi xususida soʻz bordi.

Oʻzbekiston delegatsiyasi vakillariga Seviliyadagi madaniy meros obyektlari negizida tashkil etilgan Paradores mehmonxonalari boshqaruv tizimi, undagi madaniy merosni asrash va obyektlardan mehmonxona sifatida foydalanishning oʻziga xos jihatlarini yaqindan tanishtirish taklifi Seviliya meri tomonidan ijobiy qabul qilindi va amaliy yordam koʻrsatilishi bildirildi.

Sayyohlar O‘zbekistonga qadimiy madaniy meros obyektlari juda yaxshi saqlanib qolgan sharqona joziba uchun tashrif buyuradilar. Ilgari Spot O’zbekistondagi qadimgi mahallalarni buzish emas, balki asrash va ulardan daromad olish kerakligi haqida maqola taqdim etgan edi.

Bugungi kunda Ispaniyada qariyb 90 ta parador mehmonxonalari mavjud boʻlib, ular hukumat tomonidan mamlakatdagi diqqatga sazovor boʻlgan madaniy meros obyektlari hududida tashkil etilgan. Shu turdagi mehmonxonalarda bugungi kunda sayyohlarga sifatli xizmat koʻrsatib kelinmoqda. Ahamiyatlisi, ushbu mehmonxonalar faoliyati natijasida mamlakatning qimmatli boyligi hisoblangan madaniy meros obyektlari yaxshi holda saqlanmoqda va ulardan koʻrilgan foyda hisobidan Ispaniyadagi boshqa diqqatga sazovor joylarni obodonlashtirish va qayta taʼmirlash ishlari amalga oshirib kelinmoqda.