O‘zbekiston turizmni rivojlantirishga jiddiy kirishdi. Rejalarning qat’iyatiga ishonch hosil qilish uchun amalga oshirilgan ishlar ro‘yxatiga nazar tashlashning o‘zi kifoya. 2017 yilning ohirlarida Topchan Hostel asoschilari Spotga bergan intervyularida mamlakatda turizmni rivojlantirishga halaqit berayotgan asosiy muammolarni sanab o‘tgan edilar — oradan bir yil o‘tgach, ularning qariyb barchasi o‘z yechimini topdi.

Turizm yil sayin tobora ko‘proq imtiyoz olmoqda va qo‘llab-quvvatlanmoqda. Avvaliga shunchaki yer uchastkasi olish borasida yordam berilgan edi, keyin soliq va bojxona imtiyozlari paydo bo‘ldi, yaqinda esa davlat umuman mehmonxona qurilishi bo‘yicha harajatlarning bir qismini o‘z zimmasiga olishga qaror qildi.

Ohirgi ikki yil mobaynida ayni shu yerda eng ko‘p o‘zgarish yuz berdi — turistik yig‘imning darajalashtirilgan miqdori joriy etilishidan boshlab, klassifikatsiyaning yangi standartlarigacha, hostel va mehmon uylari ochilishi jarayonini soddalashtirishdan butun mehmonxona biznesiga bo‘lgan qator talablarning bekor qilinishigacha bo‘lgan ishlar buning dalilidir.

Shu bilan birga turizm 2018 yilgi davlat dasturining deyarli barcha bandlari bajarilgan kam sonli sohalardan biri bo‘ldi. Boshqa sohalar haqida bunday deya olmaysiz.

Mehmonxona xizmati “ahloqsizlikda gumon qilingan shaxslarga” xizmat ko‘rsatmaslik huquqiga ega bo‘lishi mumkinligi bilan bog‘liq voqeada bo‘lganidek, bunda hatto aql bovar qilmas ishlar yuz beryapti. Bu esa ayniqsa Davlat statistika qo‘mitasi ma’lumotlari fonida millionlab turistlar hisobi borasida shubha uyg‘otadi.

Topshiriqlarni bajarish bo‘yicha muammo yo‘q bo‘lib ketmadi. Bu o‘rinda Toshkentda foto va videotasvirga olish borasida doim asossiz ta’qiqlarga duch keladigan “Орёл и решкa” tasvirga olish guruhi yodga keladi.

Biroq bu muammolarni topshiriqlar va ko‘proq ishlangan loyihalar ijrosi ustidan nazoratni kuchaytirish yo‘li bilan hal qilish mumkin. Turizmni, ayniqsa Toshkentda rivojlantirishga haqiqatan xavf solayotgan narsa, bu eski shahardagi mahallalarning buzib tashlanishi ehtimolidir. Tarixni yo‘q qilish hamisha yoqimsiz, biroq, bu hozir ayniqsa muhimdir.

Shu kunlarda Spot Toshkentdagi qadimiy Chaqar mahallasini buzib tashlab, uning o‘rniga zamonaviy binolardan ko‘p tarmoqli majmua barpo etilmoqchi ekanidan xabar topdi. So‘z ayni buzib tashlash haqida borayotganiga rejalashtirilayotgan loyihaning render tasvirlarini ko‘rib ishonch hosil qilish mumkin:

Foto: “O‘zbekiston 24” telekanalining 2019 yil 24 yanvardagi “Yangiliklar” dasturidan kadr.

Chaqar — shunday ham zamonaviy qurilishlar siquvi ostida qolgan hayratomuz joy. Qachonlardir ulkan bo‘lgan mahalladan tarixiy va me’morchilik obidasi bo‘lgan qadimiy mozorgacha ikki-uchta ko‘chagina qolgan holos. Ehtimol, Chaqarda saqlab qoladigan joyning o‘zi ham yo‘qdir, ammo, shaharda shunday taqdir kutishi mumkin bo‘lgan boshqa mahallalar bor axir.

Qadimiy mahallalar faqat o‘lkashunoslik yoki madaniy-tarixiy manfaatlardan iborat deb o‘ylash xato bo‘ladi. Respublikaning har qanday shahridagi eski shaharning qaysi bir qismini bo‘lsin buzish ehtimoli iqtisodiyot va turistik biznesga bevosita aloqador, negaki O‘zbekiston sayyohlarga keng qamrovli etnik-madaniy-tarixiy dasturni taklif etishi mumkin:

“Bizda ekologik-etnik potentsial mavjud. Odamlarga endi imoratlar va tabiatni tomosha qilishning qizig‘i qolmadi — ular nimadir jonli, haqiqiy, tabiiy narsani ko‘rishni istaydilar. Ular madaniyatni ko‘rishni xohlaydilar. Hali xanuz milliy libosda yuradigan, so‘nggi necha asrlardan beri o‘zgarmagan, ona tilida so‘zlashadigan oilaning ichkarida qanday yashayotganini ko‘rishni, bizning haqiqiy hayotimizga kirib borishni istaydilar. Tabiiy, bu hali ommaviy turizm emas, biroq bu yo‘nalishda ilgarilash zarur- bu yerda ulkan imkoniyatlar bor”, — deb aytgan edi Spot’ga bergan intervyusida Hotelios.uz, OrexCA.com, Otpusk.uz, Bilet.uzning boshqaruvchi hamkori Leonid Ibragimov, u bu sohada qariyb 20 yildan beri ish olib boradi.

So‘zimiz tasdiqi sifatida bundan bir necha yil avval O‘zbekistonga tashrif buyurgan “Leningrad” guruhi etakchisi Sergey Shnurovning suratini ko‘rsatish, shuningdek, dunyoning eng ommaviy turistik saytlaridan biri TripAdvisorga kirish mumkin.

Bevosita Toshkentdagi eski shahar mavzusiga oid 100 ga yaqin fikr-mulohaza bor. Odamlar ko‘rganlaridan hayratdalar. Hammadan ham “vaqt mashinasi”, “qadim zamonga borib qolgandek”, “go‘yo 200 yil avvalgi davrga borib qolgandek” va boshqa shu kabi taassurotlar uchraydi. Biror kishi “qanday go‘zal alyukobond!” degan so‘zni aytmadi. Suratlar kartinani to‘ldiradi:

Foto: Tripadvisor.com'dagi sayyohlar suratlariFoto: Tripadvisor.com'dagi sayyohlar suratlari

Toshkent Samarqand ham, Hiva ham emas. Bu yerda o‘rta asrlarning monumental binolari deyarli yo‘q, biroq bu shaharda tomosha qiladigan narsa yo‘q, degani ham emas. Bu akademiklar orasida ham ta’kidlanadi:

“Bir tarafdan, umuman, nimani tomosha qilish mumkin? — degan savol tug‘iladi. Negaki, agar biz O‘zbekistonning barcha shaharlarini oladigan bo‘lsak, tabiiyki, Samarqand, Buxoro va Hiva bilan taqqoslasak, Toshkentda haqiqatan ham tarixiy diqqatga sazovor obidalar, lojuvard naqshinkor saroylar, masjidlar saqlanmagan. Bu yerda, Toshkentda siz ularni ko‘rmaysiz, biroq, bu birinchi qarashda shunday tuyuladi. Chunki aslida shahar qiziqarli narsalarga juda boy”, — deydi tarix fanlari nomzodi, Rossiya Fanlar akademiyasi umum tarix institutining katta ilmiy xodimi Tatyana Kotyukova.

Kotyukova rossiyalik sayyohlarga O‘zbekiston bilan tanishishni Toshkentdan boshlashni maslahat beradi va shaharda bir necha kunni o‘tkazishni tavsiya qiladi. So‘z albatta, turistlar uchun Eski shaharda nima qiziqarli ekani haqida boradi:

“Ajoyib Eski Juva (yoki bu joyning ikkinchi nomi Eski shahar), ya’ni eski shahar hali saqlanib qolgan. U hali biz guvalalar va tor ko‘chalarni, aytish mumkinki, Sharq poetikasini uchratishimiz mumkin bo‘lgan Toshkentning markazi”, — deb ta’kidlaydi Kotyukova.

Leonid Ibragimov ham Eski shahardagi mahallalar turistlar uchun qimmatli, shuning uchun ularni asrab-avaylash zarur, deb hisoblaydi:

“Bularning barchasini saqlab qolish taxminan 1 mln. $ ga tushadi. Ularni buzish va keyin turistlar ularni tomosha qilish uchun kelishlari uchun baribir qayerdadir tiklashga esa 10 mln.dan ortiq mablag‘ kerak bo‘ladi. Dunyoning ko‘p mamlakatlari va poytaxtlari buni boshdan kechirib bo‘lishgan”, — qayd etadi Ibragimov.

Bunday joylarni “turistik attraktsion” sifatida sotish mumkinmi, degan savolga Ibragimov bu ish qilinmoqda, to‘g‘ri arzon va uquvsizlik bilan" deb javob qaytardi:

“Boshqalar bir talay pul ishlab olgan bo‘lishardi”, — deb ta’kidladi Ibragimov.

Uning fikricha, mahallalarni yo‘q qilib, Toshkent turistlar uchun qizig‘i yo‘q shaharga aylanadi, negaki, ular bu yerga kelmaydilar yoki hatto to‘xtab o‘tmaydilar. Toshkent shunchaki navbatdagi megapolis bo‘lib qoladi.

Nima qilish kerak?

Birinchi navbatda, shaharning bosh rejasini tuzgunga qadar Toshkentning eski shahar qismida buzish, ta’mirlash va kapital qurilish ishlarini olib borishni ta’qiqlovchi Prezident Farmonini bajarish va bunday uchastkalarda hech nimani rejalashtirmaslik lozim.

Prezident doimo ilg‘or xorijiy tajribalarni o‘zlashtirish lozimligiga e’tiborni tortadi. O‘zbekiston haqiqatan ham ko‘p boshqa mamlakatlardan orqada qolgan va Ibragimov ta’kidlaganidek, u yerlarda tarixiy markazlarni nima qilish kerakligini aniqlab olishgan.

Yaqinda Davlat Yergeodezkadastr qo‘mitasida “barcha rivojlangan mamlakatlar, rivojlangan shaharlardagi shahar markazlarini ko‘zdan kechirsangiz, ularda uy-joylar deyarli yo‘q “, deb aytishdi. Aslida bu gap uncha to‘g‘ri emas.

Bu haqda rossiyalik blogger, urbanistika va ijtimoiy makon bo‘yicha mutaxassis Ilya Varlamov bir necha bor yozdi. Rossiyada ham vaqti-vaqti bilan turli bahonalar ostida tarixiy joylarni buzishga harakat qilib turadilar.

Ilg‘or xorijiy tajriba, aksincha, markazda tarixiy binolarni, shu jumladan, turar joylarni saqlashga da’vat etishiga, masalan bu yerda ishonch hosil qilish mumkin.

Varlamov Stokgolm, Xelsinki, Geteborg, Riga kabi shaharlar markazlarini misol keltiradi. Bu shaharlarda garchi ko‘p uylar yog‘ochdan yasalgan bo‘lgani uchun qiyin kechgan esa-da, tarixiy markazlarni muvaffaqiyatli saqlab qolishgan:

Foto: Ilya Varlamov / varlamov.ru

Foto: Ilya Varlamov / varlamov.ru

Hamma narsa — uylarning tomidan to ko‘chalarga yotqizilgan toshlargacha saqlab qolingan, modernizatsiya qilingan va tartibga solingan. Hatto deraza romlari hech qanday alyuminiy yoki po‘lat profil emas, balki faqat haqiqiy yog‘ochdan ishlanishi kabi detallargacha e’tibor berilgan. Uylarning ustki qismida hech qanday arzon kompozit panellar yo‘q:

Foto: Ilya Varlamov / varlamov.ru

Stokgolmning hududi Toshkentdan deyarli ikki marta kichik, biroq, bu tarixiy binolarni buzishga asos bo‘lgani yo‘q:

“Ular qariyb 300 yildan beri qad rostlab turibdi va hech kim ularni buzib tashlash niyatida emas. 1979−1980 yillarda bu uylar ta’mirlandi, hozir ular davlatga tegishli va uy-joy hamda mini-otellar uchun beriladi. Barcha tarixiy elementlar saqlab qolingan”, — ta’kidlaydi Varlamov.

Agar raqamlarga murojaat qiladigan bo‘lsak, unda Shvetsiyaga 2017 yili 13 mln turist tashrif buyurgani va mamlakatda 12,5 mlrd $ (139 mlrd shved kroni) qoldirganlarini bilishning o‘zi yetarli. 2028 yili bu ko‘rsatkichni 20 mln. turistga va mos ravishda 24 mlrd $ ga (224 mlrd shved kroni) yetkazish rejalashtirilmoqda. Demak, ularda turizm borasida hammasi yaxshi, bizda esa hozircha yo‘q.

Shu bilan birga shahar faol rivojlanmoqda va yangi binolar, jumladan zamonaviy uslubdagi ko‘p qavatli inshootlar barpo etilmoqda, biroq qadimiy va yangi binolar uyg‘un ravishda yonma-yon qad ko‘targan. Aytmoqchi, bu so‘zlar faqat kam qavatli binolargagina tegishli emas:

Foto: Richard F. Ebert / encirclephotos.com

O‘zbekistonda va jumladan Toshkentda ham huddi shunday ish tutish maqsadga muvofiq. Ibragimov ta’kidlaganidek, qadimiy mahallalarni etnik turizm bo‘yicha sayyohlik obyektlariga aylantirish mumkin bo‘lar edi. Bildirilgan fikr-mulohazalardan kelib chiqadigan bo‘lsa, bu format turistlar o‘rtasida muvaffaqiyat qozongan.

Toshkent tarixi bilan shug‘ullanuvchi Yevgeniy Sklyarevskiy ham Eski shaharni konservatsiya qilish maqsadga muvofiqligini qayd etadi. Bu esa Langar, Forobiy va boshqa ko‘chalarda sayr etish va Eski shahar muhitidan bahramand bo‘lish imkoniyatini beradi:

“Ammo aholiga savol bor — hamma ham shart-sharoitlarsiz loysuvoq uylarda yashashda davom etishni istarmikin? Ehtimol, xohlaganlarga qulay uy-joy berish, eski mahallalarda do‘konlar, ustaxonalar va boshqalarni qoldirish ham mumkin”, — taklif qiladi Sklyarevskiy.

U shuningdek Chaqar BUM tomonidan bo‘lganidek, Furqat ko‘chasi va Qoratosh tomondan qurilishlar bilan deyarli buzilib ketganini ham qayd etdi. Ikki-uchta ko‘chagina qoldi,-deydi Sklyarevskiy, ular yangi qurilishlar ichida omon qolishi juda qiyin, biroq, mozor qiziqarli, u saqlab qolinsa yaxshi bo‘lardi:

Foto: Yevgeniy Sklyarevskiy / “Toshkent haqida maktublar” — mytashkent.uz

U shu bilan birga qadimiy mahallalar mahalliy aholiga bo‘lganidek, turistlarga, ayniqsa yevropaliklar va rossiyaliklarga ham qiziqarli ekaniga ishonadi:

“U yerda Rossiya kelgungacha bo‘lgan eski Toshkent aurasi qolgan”, — tushuntirdi Sklyarevskiy.

Shahar rivojlanishi, kengayishi va yangilanishi lozim, odamlar barcha qulayliklarga ega bo‘lgan uylar va xonadonlarda yashashni xohlashadi, biroq bu qadimiy mahallalar faqat buzilishga mahkum degani emas.

Bu yil “Faol investitsiyalar va ijtimoiy rivojlanish yili” deb e’lon qilingan, biroq investitsiyalar faqatgina shaharning tarixiy markazi o‘rniga ko‘p qavatli uylar qurilishi degani emas, turizmni rivojlantirish esa mehmonxonalar sonini oshirish bilan cheklanib qolishi kerak emas. Agar shaharda tomosha qiladigan hech narsa bo‘lmasa, kim ularda yashaydi?

Shvetsiya yoki G‘arbiy Yevropaning boshqa rivojlangan mamlakatlari tajribasini asos qilib olib, investorni shunday mahallalarni restavratsiya qilishga (biroq, kompozit panellar kabi arzon, zamonaviy materiallardan foydalanishdan voz kechib, barcha detallarni saqlagan holda), ularni turistik obyektlarga aylantirishga, yangi imoratlardan voz kechib, uylardan do‘konlar, mini-otellar va etnik muzeylar (agar aholi u yerda yashashni istamasa) vujudga keltirishga jalb etish mumkin. So‘z aynan Chaqar to‘g‘risida emas, balki aholisi ko‘chib o‘tishga qarshi bo‘lmagan har qanday qadimiy mahalla haqida bormoqda.

Bozordagi katta talabni hisobga olganda, kiritilgan mablag‘ navbatdagi biznes markaz yoki ko‘p qavatli uy-joylar dahasiga qaraganda ancha tez o‘zini qoplashi mumkin. Garchi hozirning o‘zidayoq sayyohlar O‘zbekistonga ayni shuning uchun kelar ekan, shahar markazidagi mo‘'jaz “etnik qishloq” katta sayyohlar oqimini jalb etadi.

Bu barqaror va uzoq muddatli dividendlar oqimini ta’minlaydi, O‘nlab yangi ish o‘rni yuzaga kelishi,Toshkent esa o‘ziga xosligini saqlab qolishi haqida gapirmasa ham bo‘ladi. Rejalashtirilayotgan biznes-markazlar, uy-joylar va boshqa binolar bularning hech birini kafolatlay olmaydi. Kelajakda faqat bunday mahallalarning “qiyofasi"ni saqlab qolish talab etiladi xolos, buni amalga oshirish qiyin emas — Shvetsiya buning misolidir.

Agar O‘zbekiston haqiqatan ham bozor iqtisodiyoti qoidalari bo‘yicha rivojlanishni istasa va turizmdan daromad olishni xohlasa, unda “Shahar markazidagi qadimiy mahallalarni nima qilish kerak” degan savolga eng yaxshi javob shudir.
Aksincha holatda qisqa muddatli investitsiyalar ortidan quvgan Toshkent turistlar uchun qiziqarli bo‘lmaslik xavfi ostida qolishi mumkin, unda yo‘qotishlarni hisoblashning deyarli iloji qolmaydi — ular shu qadar katta bo‘ladi.