Turizm tarmog‘ini jadal rivojlantirishga oid chora-tadbirlar to‘g‘risidagi Prezident qarori e’lon qilindi.

Qarorga muvofiq, 3 yulduzli toifa uchun 50 ta xonadan kam bo‘lmagan va 4 yulduzli toifa uchun 100 ta xonadan kam bo‘lmagan xonalar fondiga ega mehmonxona 2022 yil 1 yanvargacha foydalanishga topshirilgan taqdirda, mehmonxona toifasi tasdiqlangach yangi mehmonxonani qurish va jihozlash uchun investorlar xarajatlarining bir qismi Davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan qoplanadi.

Bunda, investorlar xarajatlarining bir qismini Davlat byudjetidan moliyalashtirish miqdori qo‘shimcha ravishda tashkil etilayotgan xonalar soni 50 mingtaga yetguniga qadar kelgusi yil uchun Davlat byudjeti parametrlarini tasdiqlash jarayonida ushbu miqdorni har yili indeksatsiya qilgan holda:

  • 3 yulduzli toifaga ega mehmonxonalardagi har bir xona uchun 40 million so‘m;
  • 4 yulduzli toifaga ega mehmonxonalardagi har bir xona uchun 65 million so‘mni tashkil qiladi.

Shuningdek, mehmonxona qurish uchun ajratilgan yer uchastkasi qurilish tugallangandan so‘ng investorga mulk huquqi asosida sotilishi mumkin, moddiy madaniy meros obyektlarining hududi va muhofaza zonasi hamda qishloq xo‘jaligi uchun mo‘ljallangan yer uchastkalari bundan mustasno.